DAVLAT BYUDJETI

DAVLAT BYUDJETI — davlatning muayyan vaqt (odatda bir yil) uchun mo’ljallangan pul daromadlari va xarajatlari majmui. Davlat byudjeti davlat ixtiyoridagi pul fondlarining taqsimlanishini bildirib, u davlat moliyasining bosh bo’g’ini hisoblanadi. Davlat byudjeti tarkiban umumdavlat (yoki Markaziy) byudjeti (mamlakat miqyosidagi umumiy daromadlar va xarajatlar yig’indisi) va mahalliy (munisipal) byudjet (hududiy tuzilmalar — o’lka, viloyat, tuman va hokazolar doirasidagi pul daromadlari va xarajatlari) ga bo’linadi. Ikki turdagi byudjetlar nisbati mamlakatning ichki sharoitiga bog’liq bo’ladi. Davlat jamiyatga ijtimoiy xizmatlar (milliy xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, atrof-muhitni himoya qilish, nochorlarga yordam berish, aholiga bepul ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish va boshqalar) ko’rsatadi va bularning barchasi xarajat talab qiladi. Byudjet daromadlari soliqlar, solikdan tashqari yig’imlar, davlat zayomlaridan tushgan pul, davlat mulkini sotishdan yoki ijaraga berishdan kelgan mablag’lardan shakllanadi. Byudjet daromadining aholi jon boshiga hisoblangan miqdori mamlakatning byudjet salohiyati (potentsiali) deb yuritiladi va bu byudjet daromadining umumiy hajmiga hamda aholining soniga bog’liq. Byudjet xarajatlari uning daromadidan ortib ketsa, byudjet taqchilligi, ya’ni kamomadi yuzaga keladi. Kamomad miqdori mamlakat yalpi milliy mahsulotning 3-3,5% ga teng bo’lishi me’yoriy hisoblanadi. Byudjet kamomadining g’oyat oshib ketishi va uni daromad bilan ta’minlash mumkin bo’lmaganda byudjet xarajatlari qisqartiriladi. Markaziy, mahalliy Davlat byudjetilari va Davlat byudjetidan tashqari fondlar (davlatning muayyan maqsadli fondlari, maxsus maqsadli soliqlar, zayomlar, byudjetdan subsidiyalar hisobiga yaratiladigan maxsus fondlar) yig’indisi davlatning yig’ma byudjetini tashkil etadi. Davlat byudjeti, odatda, joriy yilda kelgusi yil uchun tuziladi. Iqtisodiy beqarorlik sharoitida u chorak yoki yarim yilga tuzilishi ham mumkin. Davlat byudjetini hukumat tuzadi va yuqori qonun chiqaruvchi organ (parlament) tomonidan tasdiqlanadi. Davlat byudjeti muayyan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni ham ifodalaydi. Jamiyatning iqtisodiy tuzumi, davlatning tabiati va faoliyatiga qarab Davlat byudjeti mohiyati, uning daromadlari va xarajatlari xususiyati hamda tarkibi turlicha bo’ladi. Sanoati rivojlangan mamlakatlarda davlatning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlashga faol aralashuvi Davlat byudjeti mavqeining oshishiga sabab bo’ladi, milliy daromad davlat ixtiyorida yig’iladi va uning byudjet orqali qayta taqsimlanadigan qismi ko’payadi. Hozirgi rivojlangan mamlakatlarda Davlat byudjetining asosiy qismi soliqlar (fuqarolarning shaxsiy daromadlaridan undiriladigan shaxsiy daromad solig’i, ish haqi fondiga soliq va korxonalar, korporatsiyalar foydasidan undiriladigan foyda solig’i va boshqalar) hisobiga shakllanadi (masalan, 1987 yilda AQShda soliq tushumlari Davlat byudjetining 98% ini, Buyuk Britaniyada 96,7% ini, Frantsiyada 91,5% ini tashkil qildi). AQSh federal byudjetidan qilinadigan xarajatlar orasida «daromadlar darajasini ta’minlash» (qariyalar, mehnatga layoqatsizlar, ishsizlar, nogironlar, tibbiy yordamga muhtojlar, boquvchisini yo’qotgan oilalar va hokazolarga yordam ko’rsatish) sarflari 40%, milliy mudofaa xarajatlari (28— 30%) eng muhim o’rinda turadi. Hozirgi davrda oz sonli sosialistax mamlakatlarda Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi davlat sektori (ijtimoiy mulk)dan tushadigan mablag’lardan, kooperativlar, xususiy korxonalardan, aholidan olinadigan turli soliqlardan hosil bo’ladi va asosan xalq xo’jaligini rivojlantirish hamda ijtimoiy maishiy tadbirlarga sarflanadi. O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti respublika Davlat byudjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarini birlashtiradi. O’zbekistonning birinchi Davlat byudjeti 1924-25 yillarda tuzilgan bo’lib, uning hajmi 3,64 million so’mni tashkil etgan edi. O’zbekistonda yangi boshlanayotgan yil uchun Davlat byudjeti yil yakuni (dekabr oyining oxiri)da O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyasida tasdiqlanadi va qabul qilingan Davlat byudjeti qonun kuchiga ega bo’ladi hamda amaliyotga joriy etiladi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng Davlat byudjetining shakllanish xususiyatlari boshqariladigan bozor iqtisodiyotiga o’tish davridagi o’zgarishlar bilan bogliq holda bordi. O’zbekistan Respublikasi Davlat byudjeti daromadlarining mutlaq ko’pchilik qismi soliqlar hisobiga olinmoqda. 1995 yilda O’zbekistonda byudjet kamomadi 3%, 1996 yilda 3,5%, 1997 yilda 2,2%, 2000 yilda yalpi ichki mahsulotning 1 % (32,8 milliard so’m)ga teng bo’ldi. Amalda bo’lgan qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan byudjetdan tashqari jamg’armalar (ijtimoiy sug’urta jamg’armasi, ish bilan ta’minlashga ko’maklashish jamg’armasi, kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi jamg’armasi, yo’l jamg’armasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo’mitasi jamg’armasi, mineral xom ashyo bazasini takror ishlab chiqarish fondi, o’zini o’zi boshqarish mahalliy organlarining maxsus fondlari)ning maqsadli yo’nalishlarini saqlab qolgan holda, 1995 y.dan boshlab O’zbekiston Respublikasining Birlashgan byudjetiga kiritildi. O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetida jami daromadlar va xarajatlar o’zgarishlarida ishlab chiqarishning rivojlanishi, xo’jaliklar va aholi daromadlarining o’sishi asosiy ahamiyatga ega. O’zbekistonda Davlat byudjetini shakllantirish tartibi O’zbekistan Respublikasining 2001 yil 1 yanvardan kuchga kirgan «Davlat byudjeti tizimi to’g’risida» qonuni (2000 yil 14 dekabr)ga muvofiq olib boriladi. Ahmadjon O’lmasov, Erlis Alikulov.