DAVLAT SUV FONDI

DAVLAT SUV FONDI, yagona davlat suv fondi — mamlakat hududidagi suvlar (suv ob’yektlari) — daryolar, ko’llar, suv omborlari, boshqa yer usti suv havzalari va suv manbalari, kanallar va hovuzlarning suvlari, yer osti suvlari va muzliklar, ichki dengizlar, hududiy suvlar. O’zbekistonda suv davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi. Davlat suv fondi ob’ektlari aholiga, korxonalar, muassasalarga va tashkilotlarga faqat foydalanish uchun beriladi. O’zbekiston hududida davlatdan boshqa hech kim suv egasi bo’lishi mumkin emas. O’zbekistonda suvga doir munosabatlar, aholi va xalq xo’jaligi ehtiyojlari uchun suvdan oqilona foydalanish, suvni bulg’anish, ifloslanish va kamayib ketishdan saqlash, suvning zararli ta’siri oldini olish va uni bartaraf qilish, suv ob’yektlari holatini yaxshilash tadbir va tartib-qoidalari, shuningdek, suvga doir munosabatlar sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xo’jaliklari va fuqarolarning huquqlari qonun bilan tartibga solinadi. O’simlik va hayvon organizmlari tarkibiga kiradigan, tog’jinslari, atmosfera havosi va tabiiy muhitdan olingan hamda vodoprovod tizimi rezervuarlarida bo’lgan suvlar Davlat suv fondi tarkibiga kirmaydi. Davlat suv fondini hisobga olish uchun mamlakatda suvlarning mikdor va sifat tavsiflari hamda ulardan foydalanish darajasini, shuningdek, suvdan foydalanishning davlat ro’yxatini o’z ichiga oladigan davlat suv kadastri yuritiladi. Davlat suv fondini tasarruf etishni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari o’z vakolatlari doirasida amalga oshiradi. Respublikada suvdan foydalanish sohasida davlat boshqaruvini respublika qishloq va suv xo’jaligi vazirligi (yer usti suvlari). Davlat geologiya va mineral resurslar davlat qo’mitasi (yer osti suvlari), «Sanoatkontexnazorat» agentligi (yer osti issiq suvlari va mineral suvlar) o’z vakolatlari doirasida olib boradi. Yer usti suvlari sifatini «Boshgidromet», yer osti suvlari sifatini Davlat geologiya va mineral resurslar qo’mitasi, ichimlik suvlarini Sog’liqni saqlash vazirligi nazorat qiladi. O’zbekistonda Davlat suv fondidan qishloq xo’jaligi, energetika, sanoat, kommunal xo’jaligi ta’minoti, baliqchilik, davolash va boshqa maqsadlarda foydalanildi. Orol dengizi havzasida suv resurslari tiklanadigan er usti va yer osti suvlari hamda qaytma suvlardan tashkil topadi. Bu havzadagi eng yirik daryolar Amudaryo va Sirdaryoning yillik o’rtacha oqimi 115,6 kilometr kubni (Amudaryo — 78,5, Sirdaryo — 37,1 kilometr kub) ni tashkil etadi. O’zbekiston xududida esa Orol dengizi havzasi daryolari oqimining 7% hosil bo’ladi, lekin havzadagi daryolar yillik o’rtacha oqimining 51,6% iste’mol qilinadi. Orol dengizi havzasida yer osti suvlarining tiklanadigan umumiy hajmi 34 kilometr kubni tashkil etadi, uning tasdiqdangan va foydalanish mumkin bo’lgan zaxirasi 12,5 kilometr kubga teng. Bu zaxiralarning deyarli 50% O’zbekiston hududida joylashgan. O’zbekiston toglarida 30 dan ortiq muzlik mavjud. Shuningdek, suv omborlarida suv fondining katta qismi to’plangan. Sugorish va drenaj tarmoqlarining hozirgi texnik holatida respublika bo’yicha har yili 22—P kilometr kub drenaj suvlari hosil bo’ladi, ularning 13 kilometr kubdan qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda foydalanish mumkin. Drenajtashlama suvlar bilan har yili 50-62 million tonna tuzlar sug’oriladigan massivlar doirasidan chiqarib tashlanadi va ular daryo suvlari sifatini yomonlashuviga olib keladi. hozirgi davrda Amudaryoning o’rta va quyi oqimlarida suvning o’rtacha sho’rlanishi darajasi 1,0—1,2 gramm/litrni, Sirdaryoning o’rta oqimlarida joylashgan viloyatlarida 1,5—1,6 gramm/litrni tashkil etadi. Respublikada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida aholi jon boshiga suvning yillik o’rtacha solishtirma sarfi 2540 mter kubni tashkil etadi (Qirg’izistonda 1128 metr kub, Isroilda 345 metr kub). O’zbekistonda suv resurslarining 90% sug’orma dehqonchilikda sarflanadi va 1 gektar maydonni sug’orish uchun o’rtacha 12,5 ming metr kub (Isroilda 5,6 ming metr kub) suv sarflanadi. O’zbekistonda Davlat suv fondiga doir huquqiy munosabatlar «Suv va suvdan foydalanish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1993 yil 6 may) bilan tartibga solinadi. Toshtemir Bekmurodov, Zuhra Sobirova.