DA’VO MUDDATI
DA’VO MUDDATI — shaxs o’zining buzilgan huquqini da’vo qo’zg’atish yo’li bilan himoya qilishi mumkin bo’lgan muddat. O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksiga ko’ra, umumiy Da’vo muddati 3 yil qilib belgilangan. Ayrim turdagi talablar uchun qonunlarda umumiy Da’vo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan Da’vo muddati belgilanishi mumkin. Da’vo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan o’zgartirilishi mumkin emas. Buzilgan huquqni himoya qilish talabi Da’vo muddati o’tganligidan qat’i nazar, sudda ko’rib chiqish uchun qabul etiladi va ushbu muddat sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqarguniga qadar bergan arizasiga muvofiq qo’llanadi. Qonunda Da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar ham ko’zda tutilgan, ular sirasiga quyidagilar kiradi: shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablar; omonatchilarning o’z omonatlarini berish to’g’risida bank oldiga qo’yadigan talablari; fuqaroning hayotiga yoki sog’lig’iga yetkazilgan zararni to’lash haqidagi talablar; jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to’lash haqidagi talablar; mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining o’z huquqini har qanday buzishlarni bartaraf etish haqidagi talablari; mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega bo’lgan mol-mulkni va boshqa qimmatbaho ob’yektlarni qaytarib berish haqidagi talablar; qonunda belgilangan hollardagi boshqa talablar. Da’vo muddati bilan bog’liq qonun-qoidalar O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida ko’rsatilgan.