DEVON

DEVON — Sharq adabiyotida she’riy to’plam. Devonda biror shoir she’rlari qofiya yoki radiflariga ko’ra Arab alifbosi tartibida (qofiyalanib keluvchi so’zlarning oxirgi harflari asosida) joylashtiriladi. Sharqda Devon tuzish shoirning yetuklik belgisi bo’lgan, shoirlar o’z devonlarining mazmunan va shaklan rang-barang bo’lishiga e’tibor berganlar. Devon tuzish 10-11-asrlardan boshlangan, uning shakllanish davri Shayx Sa’dip zamonasiga to’g’ri keladi. O’zbek adabiyoti tarixida Devon tuzish Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy kabi shoirlar ijodi bilan bog’liq. Alisher Navoiy Sharq adabiyoti tarixida mukammal Devon tartib bergan mualliflardan. Devon shoirning o’zi tomonidan, shuningdek, boshqalar tomonidan ham tuziladi. Navoiy g’azallarining ilk Devoni noma’lum kotib tomonidan tuzilgan (1465). Unda 15-asr adabiyotidagi deyarli barcha she’r shakllarini ko’rish mumkin. Keyinroq Devon tuzish ishiga Bobur, Nodira, Ogahiy, Avaz O’tar va boshqa shoirlar ham samarali hissa qushganlar. Zamonaviy o’zbek adabiyotida Habibiy, Sobir Abdulla va boshqalar Devon tuzganlar. Ularda g’azallar hozirgi o’zbek alifbosi tartibida joylashtirilgan. Sharq poeziyasi ta’sirida Yevropa adabiyotida ham Devon tuzish tajribasi bo’lgan (Gyote, «G’arbu Sharq devoni»).

DEVON — davlat bosh idorasi. 1) Sosoniylardan Xusrav I Anushirvon davrida shohga hisobot beruvchi amaldorlar va ularning idorasi. 2) arablarda xalifa Umar (ra) davri (634-644) da davlat daromadlarining turli hukmron doiralar urtasidagi taqsimoti va qushinga maosh to’lash ro’yxatlari, shuningdek, ana shu ro’yxatlar saqlanadigan joy. Umaviylar va abbosiylar davrida esa xalifalik hamda o’rta asrlarga mansub qator boshqa Islom mamlakatlarida Devon al-xiroj — soliq-moliyaviy idora. «Devon»istilohi bo’lak hukumat muassasalariga nisbatan ham qo’llanilgan. 3) Narshaxiy keltirgan ma’lumotlarga ko’ra, Somoniylar davlati, asosan, unta devon yordamida idora etilgan; bular — vazir devoni (devoni vazir), moliya ishlari devoni (devoni mustavfiy), davlat hujjatlari devoni (devoni rasoil yoki devoni insho), soqchilar boshlig’i devoni (devoni sohibshurat), xat-xabarlar mutasaddisi devoni (devoni sohibbarid), saroy ish boshqaruvchisi devoni (devoni Mushrif), davlat xos mulklari devoni (devoni Amiyd ulMulk), muhtasib devoni, vaqflar devoni (devoni vaqf), Adliya ishlari devoni (devoni qozi). Bulardan vazir devoni bosh boshqaruv Mahkamasi bo’lib, davlatning ma’muriy, siyosiy va xo’jalik tartiboti uning bevosita nazorati ostida tutib turilgan, barcha Devon boshliqlari vazirga itoat etgan. Saljuqiylar, Xorazmshohlar va mo’g’ullar davrida ham Somoniylar zamonidagi davlat. tuzilishi, asosan, saqlanib qolgan. Temuriylar davrida esa vazir devoni — devoni oliy, moliya ishlari devoni — devoni mol, soqchilar boshlig’i devoni — devoni tavochi, davlat xos mulklari devoni — devoni amlok, Adliya ishlari devoni — devoni yorg’u deb atalgan. Qolgan Devonlar aslicha qolgan. Bu tartib Shayboniylar davrida ham, asosan, saqlangan. Ashtarxoniylar va mang’itlar hukmronlik qilgan yillarda esa davlat boshqaruvi tartiboti birmuncha murakkablashgan. Moliya ishlari — devonbegiyi kalonga, Mushrifning vazifalari — ko’kaltoshta, muhtasibniki — rsshsga topshirilgan. 16-18-asrlarda ham ko’pgina Devonlar davlat boshqaruvi tizimida saqlanib qolgan. Chunonchi, Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarida davlat Devonlar yordamida idora etilgan. Rossiya Xiva xonligi ustidan protektoratlik hukmronligi (19-asr 2-yarmi) ni o’rnatgach, xonlik faoliyatini nazorat qilish maqsadida 7 kishidan iboratd. ta’sis etgan, uning a’zolaridan 3 kishi chor ma’muriyatining, 3 kishi (xon, devonbegi va mehtar) xonlikning vakili bo’lgan. Xon Devon rahbari hisoblangan; O’zbekistan mustaqillikka erishgach (1991), davlat boshqaruvi nomlanishining tarixiy shakllari tiklana boshladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, O’zbekiston Prezidenti ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi. Prezident devoni mustaqil davlat hokimiyati idorasi emas, shu bois, u majbur etuvchi imperativ vakolatlarga ega bo’lmay, bevosita kundalik boshqaruv bilan shug’ullanmaydi. Mazkur devon Prezident samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida ta’sis qilinadi. 4) Turkiyada ulug’vazir, mufti va boshqa ba’zi amaldorlardan iborat Sulton xuzuridagi Majlis. 5) Moldova va Valaxiya gospodarlari huzuridagi Davlat kengashi (mazkur knyazliklar 1859 yil o’zaro birlashgunga qadar). 6) Sharqdagi ba’zi hozirgi zamon Islom mamlakatlarida Devon ma’muriy va Adliya ishlari bilan shug’ullanuvchi hukumat muassasalari.