DUALA

DUALA — Kamerun g’arbidagi shahar, Vuri daryosi bo’yida, Gvineya qo’ltig’idan 21 kilometr ichkarida. Sohilbo’yi provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 884 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Muhim savdo, sanoat, siyosiy va madaniy markaz. Mamlakatdagi eng katta okean porti, transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Duala orqali chetga yog’och, kakao, kofe, palma yong’og’i va moyi, paxta, alyuminiy chiqariladi. Kemasozlik, metallsozlik, yog’ochsozlik, oziq-ovqat, to’qimachilik, kimyo sanoati, poyabzal korxonalari, oyna zavodi mavjud. Ko’plab savdo firmalari va banklar, Panafrika rivojlanish instituti bor.