DRIOPITEKLAR

DRIOPITEKLAR (Dryopithecinae) — qirilib ketgan odamsimon maymunlar kenja oilasi. Driopiteklarning skelet qoldiqlari (asosan tishlari, jag’larining siniqlari, ba’zan bosh suyagi va qo’l-oyoqlar skeleti) miosen va ilk pliosen yotqiziqlaridan G’arbiy Yevropa, Janubiy Osiyo va Sharqiy Afrikada topilgan. Ayrim Driopiteklarda Gorilla va shimpanzenikiga o’xshash belgilar paydo bo’la boshlagan. Ko’pchilik olimlarning fikricha, Driopiteklar kam ixtisoslashgan chala maymunlar hisoblanadi. Ularga hozirgi Afrika odamsimon maymunlari sifatida qarash mumkin. Ular orasida qoldiqlari O’rta dengiz cho’kindilari (Avstriya)da topilgan Darvin driopitegi (Dryopithecus darvini) boshqalariga nisbatan odamga eng yaqin turadi.