DERIVATSIYA

DERIVATSIYA (lotincha derivatio — shoxobcha) — 1) gidrotexnikada — suv ombori yoki daryodan gidroelektr stansiya binosiga yoki nasos stansiyasiga suv keltiradigan yoki ulardan suvni olib ketadigan inshootlar (kanal, quvur, tunnellar) majmui. Suvning harakatiga qarab, Derivatsiyaning bosimli yoki bosimsiz xillari bo’ladi. Bosimsiz Derivatsiya ochiq kanal va tunnel shaklida ishlanadi. Bosimli Derivatsiya esa bosimli tunnel yoki temir, temirbeton va taxta quvurdan iborat. Chirchiq — Bo’zsuv kaskadida qurilgan GES lar (1 — va 2-Oqtepa, Bo’rjar, Tovoqsoy, Qodiriya va boshqalar) bosimsiz Derivatsiya kanaliga misol bo’ladi. Kanal trassasining topografik-geologik tuzilishiga qarab, Derivatsiya trapesiya, doira, to’g’ri to’rtburchak va boshqa shakllarda quriladi. Agar bosimli Derivatsiya trassasi uzun bo’lsa, gidravlik zarbni kamaytirish maqsadida gidrostantsiyaga yaqin yerda suvni rostlab turadigan inshoot quriladi; 2) harbiy texnikada — havoda aylanib uchayotgan snaryad (o’q)ning otish tekisligidan (chapga yoki o’ngga) og’ishi. Derivatsiyaning ishi giroskop (pirildoq) ning xossasi bilan tushuntiriladi. Otilgan snaryad kanchalik uzoqqa borsa, Derivatsiya ham shuncha katta bo’ladi. Maxsus jadvallarda Derivatsiya uchun tuzatma beriladi. Snaryad (o’q) otilayotganda shu tuzatma hisobga olinadi; 3) affikslar yordamida yangi so’z yasalishi.