DERMATOLOGIYA

DERMATOLOGIYA (dermato… va …logiya) — teri kasalliklari haqidagi fan; klinik tibbiyotning bir sohasi. Terining buzilishi, vazifasi, sog’lom teri va kasallik holati, shuningdek, organizmning boshqa kasalliklarida terida bo’ladigan o’zgarishlarni o’rganadi. Teri kasalliklarini aniqlash, davolash va oldini olish masalalarini ishlab chiqadi. Dermatologiya umumiy va xususiy qismlarga bo’linadi. Umumiy Dermatologiya sog’lom hamda kasal terining anatomiyasi va fiziologiyasini, teri kasalliklarining yuzaga kelish sabablari, davolash va oldini olish usullarini, xususiy Dermatologiya esa teri, soch va tirnoqda paydo bo’ladigan ayrim kasallik belgilarini, qo’zg’atuvchilarini, davolash usullarini o’rganadi. Dermatologiya venerologiya, ichki kasalliklar, nevropatologiya, endokrinologiya, psixiatriya va boshqa tibbiyot fanlari bilan chambarchas bog’langan. Dermatologiya uzoq tarixga ega. Qadimgi Misrda kichima, sachratqi, qo’tir, moxov kabi teri kasalliklarini turli moy dorilar, malhamlar bilan davolashgan; terini kosmetik usulda parvarish qilish ham keng rasm bo’lgan. Yunoniston va Rimda teri va tanosil kasalliklarini davolash bilan shug’ullanganlar. Gippokrat teri kasalliklarini bir tartibga solib qo’tir, moxov, soch to’kilishi, qadoq kabi kasalliklarni o’rgangan va ularni davolash haqida ma’lumotlar bergan. Qadimgi Rim vrachi Tselz chipqon, trixofitiya, psoriaz va boshqa kasalliklar to’g’risida batafsil yozib, bu dermatozlarni davolashda ultrabinafsha nurlar, iliq fizik omillardan foydalanishni tavsiya etgan. O’rta osiyolik olim Abu Ali ibn Sino o’zining «Tib qonunlari» kitobida po’rsildoq yara, qichima, gush (ekzema), zaxm, moxov va boshqa teri kasalliklarini tasvirlash bilan birga ularning bir-biridan farqini ham ko’rsatib, davolash usullarini yozib krldirgan. Dermatologiya fanining shakllanishi 16-asrning ikkinchi yarmida fizika, kimyo, biologiya fanlarida qilingan kashfiyotlar bilan uzviy bog’liq. 18-asrda teritanosil kasalliklarining etiologiyasi, patogenezi va klinikasini o’rganish avj oldi va ingliz, frantsuz, nemis, rus Dermatologiya maktablari paydo bo’ldi. O’zbekistonda O’rta Osiyo davlat universiteti tibbiyot fakultetida teri va tanosil kasalliklari kafedrasi tashkil etilganidan (1920) boshlab Dermatologiya va venerologiya sohasi rivoj topdi. 1924 yilda Toshkentda teri va tanosil kasalliklari dispanseri, 1932 yilda Dermatologiya va venerologiya ilmiy tadqiqot instituti tashkil qilinishi bu fanning rivojlanishiga keng yo’l ochib berdi. So’zak, zaxm, terining zamburug’li kasalliklari, vitiligo kabi kasalliklarning tarqalishi, etiologiyasi, patogenezi, diagnostikasi, davosi, oldini olish masalalari o’rganildi (A. A. Akovbyan, X. N. Xidirov, I. A. Gelintsevskiy, T. T. Tojiboev, K. S. Sulaymonov va boshqalar) Teri kasalliklari (zaxm, kal) da ichki a’zolarning zararlanishi; kasbga aloqador teri kasalliklari; dermatomikozlar qo’zg’atuvchilarining turini aniqlash bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borildi (U. K. Beluxa, H. Husanov, R. A. Kapkaev, U. M. Mirahmedov va boshqalar). O’zbekistonda hozirgi 1 — va 2 — Toshkent tibbiyot instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, vrachlar malakasini oshirish instituti, Buxoro, Samarqand, Andijon tibbiyot institutlarida dermatologiya va venerologiya kafedralari faoliyat ko’rsatadi. Olimlardan A. A. Akovbyan, U. M. Mirahmedov, R. A. Kapkaev, M. M. Obidov, A. X. Abdullaev, A. Sh. Vaysov, Sh. A. Hamidov, X. Sh. Shodiyevlarning ijodiy izlanishlari keng tarqalgan teri kasalliklarini keskin kamaytirishga imkon berdi. Ad. Arifov S, Eshboev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.