DERMATOMIKOZLAR
DERMATOMIKOZLAR (dermato… va Yunoncha mykes — zamburug’) — terining zamburug’li kasalliklari; parazit zamburug’lar (dermatomisetlar) qo’zg’atadi. Dermatomikozlar 4 xil bo’ladi: 1) keratomikozlar — zamburug’lar terining eng ustki muguz qavatida yoki soch kutikulasida bo’ladi; unda yallig’lanish, og’riq, qichishish alomatlari kuzatilmaydi. Bunga qipiqdi temiratki, eritrazma, Pedra (sochdagi suv sirka), qo’ltiq trixomikozi kiradi; 2) epidermomikozlar — zamburug’lar terining muguz qavatida, tirnoqlarda bo’ladi, ko’pincha teri yallig’lanadi. Bunga chov va oyoq panjasi epidermofitiyasi, rubrofitiya, kandidamikozlar kiradi; 3) trixomikozlar — zamburug’lar terining ustki qavatini yallig’lantirib, sochning tagigacha kirib ketadi. Bularga trixofitiya, mikrosporiya, kal (favus) kiradi, ular yuqumli; 4) chuqur mikozlar — zamburug’lar terining chuqur qavatiga o’tib, og’ir yallig’lanish alomatlari, katta-kichik tugunchalar paydo qiladi; keyinchalik qon va limfa tomirlari orqali muskul, suyak va ichki a’zolar (o’pka, buyrak, ichak) ga ham tarqaladi. Vaqtida davolanmasa og’ir oqibatlarga olib borishi mumkin. Dermatomikozlarning oldini olish uchun shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy amal qilish, kasallik manbai va bemorni vaqtida aniqlash, shuningdek, bemorning oila a’zolari, bolalar muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar va barcha xodimlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazib turish lozim. Davo asosan kasallikning xili va alomatlariga qarab buyuriladi. Ad..Arifov S, Eshboev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.