DEFOLIATSIYA
DEFOLIATSIYA — hosilni mashinalar yordamida yig’ib-terib olishni osonlashtirish uchun o’simlik barglarini sun’iy ravishda to’ktirish. Defoliatsiya uchun kimyoviy moddalar — defolianshlarlan foydalaniladi, ular o’simliklar barglarida qarish yoki tabiiy to’kilish yuz beradigan jarayonlarga o’xshash hodisalarni sodir etadi. Bu jarayonda barglarda xlorofill miqdori kamayadi, fotosintez keskin susayadi, organik moddalar hosil bo’lish jarayoni buziladi, suv bug’lanishi kuchayadi, oqsil va boshqa birikmalar parchalanishidan hosil bo’ladigan mahsulotlar ko’payadi. Bu birikmalar barg plastinkasi orqali oqib, barg bandi ajratuvchi qavati xo’jayralarining yakkalanib qolishiga olib keladi va barg o’z og’irligi ta’sirida to’kiladi. Barglar kimyoviy preparatlar yordamida to’kilsa, ekin qator oralaridan shamol o’tishi yaxshilanadi, havoning nisbiy namligi kamayadi. Defoliatsiyadan so’ng barglar uzog’i bilan 10-12 kunda qurib to’kiladi. Defoliatsiya (terimga qadar 20 sutka oldin) g’o’za, manzarali va mevali daraxtlar, vino olishga mo’ljallangan tokzor (terimga qadar 20 sutka oldin), urug’lik lyupin, evkomiya va boshqalarni Defoliatsiya qilish yaxshi natija beradi. G’o’zani Defoliatsiya qilish o’simlik ochilgan ko’saklar soniga qarab o’tkaziladi (55-60% kusaklar ochilgan bulishi kerak). Barvaqt yoki kechikib qilingan Defoliatsiya (kusaklar pishmasdan yoki ochilmasdan) natijasida to’la shakllanmagan ko’saklarga oziq moddalar yetib bormaydi, ular qurib, to’kilib ketadi, natijada paxta hosili kamayadi, tola hamda urug’lik chigit sifati yomonlashadi. Ayniqsa, havoning o’rtacha sutkalik harorati 15°va undan past, kechikkan Defoliatsiyada barglar to’liq to’kilmaydi. Dori purkash normasi g’o’zaning turi, navi, bo’yi, hosil shoxlari soni, ularning qay darajada rivojlanganligi, ko’chat qalinligi, ishlov berish muddatlari, kuzning kelishi, xullas, barcha shartsharoitlar hisobga olingan holda aniq belgilanishi kerak. Bunda har bir g’o’za paykali uchun alohida-alohida normalar va muddatlar belgilanadi. Defoliatsiyada preparat tekkan barglargina to’kiladi, shu sababli g’o’zaning hamma barglari bir me’yorda ho’llanishiga erishish zarur. G’o’zani Defoliatsiya qilishda kaltsiy xlorat-xlorid, magniy xlorat (6-10 kg/ga), «sihat» (natriy xlorat asosida; 13-16 kg/ga), Dropp (0,3—0,7 kg/ga), Dropp Ultra (0,6—0,8 l/ ga) va boshqa preparatlar qo’llaniladi. Sutkalik o’rtacha harorat 17— 20° da preparatlar yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Havo harorati 17° dan past bo’lganda defoliantlar miqdori 15 — 20% oshiriladi. Shudring defoliantlar ta’sirini oshiradi, yomg’ir esa, aksincha, uni kamaytiradi. Defoliatsiya qilishda traktorga osiladigan purkagichlardan keng foydalaniladi. Ish suyukligi sarfi traktor purkagichlarda 300-400 l/ga. G’o’zani o’z vaqtida Defoliatsiya va desikasiya qilish paxta hosilini mashinalar yordamida terib olish uchun sharoit yaratadi, hosilning asosiy qismi (90% dan ko’prog’i)ni sovuq tushgunga qadar terib olishga imkon beradi. Defoliatsiyadan so’ng paxta terish mashinalarining ish unumdorligi 15-20% oshadi. Ad.: Zakirov T. S, Ximicheskaya defolasiya i desikasiya xlopchatnika, T., 1968. Rixsivoy Yoqubov.