EFFUZIV TOG’ JINSLARI

EFFUZIV TOG’ JINSLARI — yer yuzasida yoki yer po’sti qatlamining yuqori qismida lavaning sovishi mobaynida hosil bo’lgan magmatik tog’jinslari; ularning ma’lum bir qismi suv osti vulkanlari otilib chiqqanda vujudga keladi. Lavaning tez qotishiga sabab bo’luvchi tarkibidagi vulkan shishasining mavjudligi, o’ziga xos porfirli strukturaga egaligi Effuziv tog’ jinslarining xarakterli xususiyatlaridandir. Effuziv tog’ jinslarining tarkibi keng ko’lamda o’zgarib turadi. Eng ko’p tarqalganlari bazalt, andezit va ular oralig’idagi jinslar; kamroq uchraydiganlari dasit va liparitlar bo’lib, ishqorli va ultraasoslilari yanada kamroq uchraydi. Asosiy minerallari: plagioklaz, K—№ dala shpati, ortopiroksen, klinopiroksen, amfibol, biotit va kvars. Aktsessor minerallari: ortit, ksenotim, tsirkon, apatit, ilmenit va magnetit. Effuziv tog’ jinslari paydo bo’lish sharoitlariga ko’ra, 3 yirik guruhga — piroklastik jinslar, LAVA jinslari va ekstruziv jinslarga bo’linadi. Effuziv tog’ jinslari Oyda ham topilgan. Effuziv tog’ jinslari intruziv tog’jinslarining aksi hisoblanadi. Ular O’zbekistonda keng tarqalgan bo’lib, tokembriy va paleozoy yotqiziqlarida uchraydi. Effuziv tog’ jinslari bilan bir qancha qazilma boyliklar konlari bog’liq.