ABDULLAXON
ABDULLAXON I, Abdulla Sulton (15-asr oxiri — 1540.14.9, Samarqand) — Movarounnahr xoni (1540 yil mart— sentabr). Abulxayrxonning nevarasi, Ko’chkunchixonning o’g’li. Abdullaxon I ko’p yillar davomida yassi (Turkiston) da hokimlik qilgan (taxminan 1514-40 yil mart). Ubaydullaxon vafot etgach (1540 yil mart), Buxoro xonligi qisqa muddat 3 qismga bo’lingan davrda Samarqandda hukmronlik qilgan. Abdullaxon I Samarqandda Registon yaqinidagi Chihil (chil) Duxtaron qabristonida dafn etilgan. Uning vafotidan so’ng Samarqanddagi Shayboniylar taxtiga ukasi Abdullatifxon o’tirgan. Ad.: Istoriya O’zbekistana, t.Z (XVI — Per-vaya polovina XIX veka). T., 1993.