ABDULMO’MINXON

ABDULMO’MINXON (1738 Buxoro — 1751) — Buxoro xoni (1747-51). Ashtarxoniylar sulolasidan. Abulfayzxonning o’g’li. Abulfayzxon saroy fitnasi natijasida o’ldirilgach (1747), Muhammad Rahim otaliqning buyrug’i bilan Abdulmo’minxon taxtga o’tqazilgan. Buxoroda turgan Eron shohi Nodirshohning ukasi Aliqulixon boshchiligidagi qo’shin o’z yurtiga jo’natib yuborilgan. Muhammad Rahim yosh «xon»ga qizini berib, uni o’ziga kuyov qilib olgan va amalda 1747 yildan boshlab Buxoro xonligini o’zi boshqarishga kirishgan. Biroq oradan 4 yil o’tgach, Muhammad Rahim kuyovi Abdulmo’minxonni ham o’ldirtirib, taxtga Abulfayzxonning kichik o’g’li Ubaydullaxon III ni o’tqazadi. Ad.Mirzo Salimbek, Kashko’li Salimiy, Tavorixi muttaqadimin va muttaaxirin, Buxoro, 2003.