AFRIKAANS

AFRIKAANS, bur tili — hindyevropa tillari oilasidagi german tillaridan biri (g’arbiy german guruhchasi). Jarning rasmiy tili (ingliz tili bilanbirga). Asosan, Jarning Transvaal, Oranj, kap viloyatlarida, shuningdek, Namibiya, Zambiyada va boshqa qo’shni mamlakatlarda tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 6 million kishiga yaqin (1980-yillar oxiri; 1990-yillar oxirida bu miqdor birmuncha kamaygan). Afrikaans 17-asrda niderland tilining ba’zi lahjalari bilan nemis va ingliz tillarining hamda gottentot, Bushmen, bantu kabi mahalliy tillarning o’zaro yaqinlashuvi va aralashib ketishi jarayonida yuzaga kelgan. Afrikaans ning muhim belgisi uning hududiy lahjalarga bo’linmaganligidir. O’ziga xos xususiyatlari 17-asr oxirlarida kap viloyati davrida shakllangan. 18-asrda va 19-asrning 1-yarmida faqat og’zaki so’zlashuv tili sifatida amalda bo’lgan. Afrikaansda yozilgan dastlabki asarlar 19-asrning 70-yillaridagina paydo bo’lgan. Afrikaans 1925 y.dagina rasmiy til maqomiga ega bo’lgan — Janubiy Afrika Ittifoqining davlat tili deb e’tirof etilgan. Fonetik tizimi va leksikasi asosan niderland tili ta’sirida shakllangan; mahalliy Afrika tillaridan o’zlashgan so’zlar ozchilikni tashkil etadi. Ad.: Mironov S.A., Yazik afrikaans. M., 1969.