BESHKENT

BESHKENT — Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi shahar (1977 yildan). Tuman markazi (1964 yildan). 1926 yildan Beshkent tumani markazi bo’lgan. Beshkent tumanning shimoliy-Sharqiy qismida joylashgan. Viloyat markazi va yaqin temir yo’l stantsiyasi — Qarshigacha 7 kilometr. Aholisi 15,8 ming kishi (2005). Xo’jaliklari va aholisi Beshkent kanalidan suv oladi. Shaharda paxta tozalash zavodi, non kombinati, 5 qo’shma korxona (shu jumladan, O’zbekiston — Rossiya, O’zbekiston — Pokiston qo’shma korxonalari) faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, qarshi cho’lini o’zlashtirish bilan shug’ullanuvchi bir qancha korxona va muassasa bor. 4 umumiy ta’lim maktabi (3,9 ming o’quvchi), 1 litsey (237 o’quvchi), 1 kasb-hunar kolleji (627 o’quvchi) mavjud. 11 sport inshooti, 32 jismoniy tarbiya va sport jamoalari faoliyat ko’rsatadi. 2 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i, kasalxona, 3 poliklinika aholiga xizmat ko’rsatadi.