«OVOZI TOJIK»
«OVOZI TOJIK» («Tojik ovozi») — Toshkent shahrida tojik tilida haftada 2 marta chiqadigan gazeta. Muassislari: O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. 1-soni 1924 yil 25 avgustda Samarqand sh.da «ovozi tojiki kambag’al» nomida nashr etilgan. Keyinchalik «ovozi tojik» (1925— 31), «Haqiqati O’zbekiston» (1931-40; 1964-91), «O’zbekistoni Surx» («Qizil O’zbekiston», 1950-64) nomlarida chiqqan. 1992 yil 1 yanvardan hozirgi nomda. Sahifalarida do’stlik va birodarlik shiori ostida O’zbekistonda yuz berayotgan ulkan o’zgarishlar, jumladan, xalq xo’jaligining turli tarmoqlarida erishilayotgan yutuqlar yoritib boriladi. Iqtisodiyot, maktab va maorif, fan va madaniyat, adabiyot va san’at, axborot va sport bo’limlari bor. Gazetaga turli yillarda Abdulqayyum Qurbiy, Muhammadjon Hasaniy, Shahobiddin Sadrullin, Qamariddin Mirzoev, Muborak Fozilov, Abdulla Hakimov, Shavkat Niyozov, Ehson Turdiqulov va boshqalar muharrirlik qilishgan. 2003 yildan muharriri Sherpo’lot Vakilov. Adadi 3000 (2005).