ESTETIKA
ESTETIKA (Yunoncha — his qiluvchi, hissiy tarbiyaga doir) — inson bilan dunyo o’rtasidagi qadriyat munosabatining o’ziga xos tomonlarini va kishilarning badiiy faoliyati sohasini o’rganuvchi falsafiy fan. «Estetika» terminini nemis faylasufi A.Baumgarten (1714-62) ilmiy muomalaga kiritgan. Estetikaning sinonimi sifatida go’zallik falsafasi, san’at falsafasi, badiiy ijod falsafasi iboralari qo’llanib kelingan. Keyingi paytlarda nafosatshunoslik yoki nafosat falsafasi atamalari ham Estetikani anglatadigan bo’ldi. Estetika o’z ichiga san’at Estetikasi, tabiat Estetikasi, texnika Estetikasi, dizayn, sport Estetikasi, turmush Estetikasi, atrof muhitni go’zallashtirish va boshqalar sohalarni qamrab oladi. Estetika nafosat, did, go’zallik, xunuklik, ulug’vorlik, tubanlik, fojiaviylik, kulgililik, mo’jizaviylik, hayolilik singari kategoriyalar bilan ish ko’radi. Ular orasida nafosat tushunchasi alohida o’rin egallaydi. U bir tomondan, estetik anglashning barcha jihatlarini (estetik hissiyot, estetik zavq, estetik did, estetik muhokama va boshqalar), ikkinchi tomondan, estetik xususiyatlarni — amaldagi go’zallik, ulug’vorlik, fojiaviylik, kulgililik va hokazo jihatlarni o’z ichiga oladi. Ana shu keyingi jihati bilan nafosat ba’zan Estetikaning predmeti sifatida ham qabul qilinadi. Estetikaning tadqiqot ob’yektlari ichida san’at alohida o’rinni egallaydi, u qadimdan to hozirgi kungacha eng ko’p tadqiq etilgan estetik soha hisoblanadi. Estetikaning bu borada san’atshunoslik fanlaridan farqi shundaki, u o’z ob’yektiga falsafiy-nazariy jihatdan yondashadi. Estetika san’atni — san’atkor, san’at asari, san’at asarini idrok etuvchi shaxsdan iborat yaxlit tizimda olib o’rganadi, barcha san’at turlari uchun zarur bo’lgan umumiy qonun-qoidalarni ishlab chiqadi. Masalan, adabiyotshunoslikdatch qofiya nazariyasini musiqaga yoki haykaltaroshlikka nisbatan qo’llab bo’lmaydi. Estetikadagi kompozisiya yoki uslub nazariyasi esa me’morlikdan tortib badiiy suratkashlikkacha bo’lgan hamma san’at turlariga taalluklidir. Ayni paytda Estetika san’atning tabiati, uning ijodiyligi va boshqalar jihatlarini tadqiq etadi; badiiy oqimlar va yo’nalishlarning, ijodiy uslublarning mohiyatini o’rganadi. Estetika falsafiy ilm sifatida ko’plab ijtimoiy va tabiiy fanlar bilan aloqadordir. Uning etika bilan aloqasi alohida diqqatga sazovor. Bu ikkala fanning o’zaro yaqinligi, avvalo, inson xatti-harakatining ko’p hollarda ham axloqiylik, ham nafosat uyg’unligidan iborat ekanligida; 2-dan, Estetikaning asosiy tadqiqot ob’yekti bo’lmish san’at mohiyatan ezgulik va yovuzlik o’rtasidagi kurashning badiiy in’ikosi sifatida doimo dolzarb axloqiy muammolarni ko’tarib chiqadi; 3-dan, Estetikaning ba’zi tushunchalari etika uchun ham birdek xizmat qiladi; 4-dan, Estetika o’rganadigan xulqiy go’zallik sohasi axloq bilan bevosita bog’liq. Ayni paytda ikkala fan bir-biriga juda o’xshash ekan degan taassurot tug’ilmasligi kerak. Estetika har bir ob’yektga aniq, muayyan yondashuvni talab qiladi, etika esa hamma uchun umumiy bo’lgan qonun-qoidalarni, hikmatlarni ishlab chiqadi. Estetikaning psixologiya bilan aloqasi ham juda muhim: har ikkala fan ruhiy holatlarni o’rganadi. Har ikkala fan uchun umumiy bo’lgan san’at psixologiyasi va badiiy ijod psixologiyasi degan maxsus yo’nalishlar mavjud. Estetika va sotsiologiyaning o’zaro munosabatlarida san’atni hamkorlikda o’rganish masalalari muhim. San’at asari alohida inson shaxsiga e’tibor qilgani holda, jamiyatni ijtimoiy munosabatlar tizimi, ijtimoiy tuzilma sifatida badiiy tadqiq etadi, ayni paytda sosiologik tadqiqotlar uchun o’ziga xos material bo’lib xizmat qiladi; sotsiologiya jamiyat bilan san’atning o’zaro aloqalarini, san’atning ijtimoiy vazifalarini; san’atkorning jamiyatdagi o’rni, mavqei, kitobxon va tomoshabinlarning ijtimoiydemografik holatlarini; shaxs ijtimoiylashuvida san’atlar va san’at asarining ahamiyatini tahlil qiladi. Mazkur muammolarni o’rganish uchun Estetika va san’at sotsiologiyasi sohasi mavjud. Estetikaning dinshunoslik bilan aloqasi ham katta ahamiyatga ega; din va san’at doimo bir-birini to’ldirib keladi, ko’p hollarda biri boshqasi uchun yashash sharti bo’lib xizmat qiladi. Asrlar mobaynida, ana shu aloqalar natijasi o’laroq, san’at asarining o’ziga xos ko’rinishi — diniy-badiiy asar vujudga keldi. Masalan, Shohizinda me’moriy majmui, Kyoln jomesi, Rembrandtning «Muqaddas oila» asari, «Abu Muslim jangnomasi» qissasi va boshqalar Estetika bunday asarlarni tadqiq etar ekan, albatta, dinshunoslik fani bilan hamkorlik qiladi. Estetikaning pedagogika bilan bog’liqligi estetik tarbiya masalalariga borib taqaladi; pedagogika ham estetik tarbiya bilan shug’ullanadi. Lekin u alohida-alohida, mustaqil qismlarga bo’lingan holda, turli yosh va sohalar uchunmaxsus belgilangan tarbiya tarzida olib boriladi. Masalan, maktabgacha tarbiya, o’quvchilar tarbiyasi, jismoniy tarbiya va hokazolar. Estetika esa nafosat tarbiyasining umumiy qonun-qoidalarini ishlab chiqadi — inson tug’ilganidan boshlab, to o’limigacha o’tadigan umr bosqichlari uchun taalluqli bo’lgan tarbiya falsafasi sifatida ish ko’radi. Estetikaning semiotika (belgilar va belgilar tizimlari haqidagi fan) bilan aloqadorligi keyingi paytlarda yanada teranroq tadqiq etilmoqda. Ma’lumki, har bir san’at asarining mazmunmohiyati muayyan belgilar vositasida namoyon bo’ladi, ya’ni bilish va baholash natijalari bo’lmish semiotik hamda pragmatik axborotni o’zida mujassam qilgan san’at asari o’sha axborotni yetkazib berishga ham mo’ljallangan; u san’at turiga qarab turlicha belgilar — harflar, chiziqlar, notalar va hokazolar orqali amalga oshiriladi. San’atning semiotik belgilar bilan bog’liq ana shu tomonlarini — kommunikativ-vositachilik jihatlarini semiotika o’rganadi; bu borada alohida tuzilma-semiotik deb nomlangan nazariy yondashuv ham mavjud. Shuningdek, Estetika barcha san’atshunoslik fanlari hamda tabiat Estetikasi nuqtai nazaridan ekologiya, axborot nazariyasi jihatidan kibernetika bilan aloqadorlikda ish ko’radi. Estetika tarixining ibtidosi Somir (Shumer), Bobil, qadimiy Misr, qadimiy Xitoy va keyinroq yunon miflariga borib taqaladi. Bundan 5-6 ming yil avval ilk yozuv — mix xatda bitilgan Somir giltaxtalaridagi matnlarda «go’zallik», «san’at», «musiqa» singari so’zlarda aks etgan. Dastlabki estetik tushunchalarni uchratish mumkin. qadimiy Misrda miloddan 4-4,5 ming yil avval san’atning barcha asosiy turlari, sal keyinroq esa professional teatr vujudga keldi. Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi Avestosh ilgari surilgan estetik g’oyalar keyinchalik Hindistonda, undan so’ng Yunonistonda Estetika rivojiga ta’sir ko’rsatdi. qadimiy Sharqdagi estetik g’oyalar dastlab foydalilik (nima foydali bo’lsa — o’sha go’zal), keyinroq axloqiylik (nima ezgu bo’lsa — o’sha go’zal) tamoyillari asosida shakllandi. Yunon mumtoz Estetikasi namoyandalari, ayniqsa, Aristotel go’zallikning foydalilikdan va ezgulikdan alohida holda mavjud bo’lishi mumkinligini aytib o’tdi; bu jihatdan uning «Poetika» («She’riyat san’ati») asari e’tiborga molik. O’rta asrlarda musulmon sharqi tasavvuf Estetikasi bu g’oyalarni takomiliga etkazib, yangi bosqichga ko’tardi; Uyg’onish davri va yangi davr Estetikasi taraqqiyoti uchun nazariy asos bo’lib xizmat qildi. E. Byork, D.Yum, I.Kant va boshqalar merosida buni yaqqol ko’rish mumkin. Masalan, Kantning go’zallik haqidagi mashhur 4 tamoyilidan 3 tasi Sharq faylasuflari nazariyalari asosiga qurilgan. Mazkur 3 tamoyil — go’zallikning beg’araz manfaatsiz munosabatga asoslanganligi; uning zaruratga aylangan muhabbatning ob’yekti ekanligi (G’azoliy); go’zallikni oddiy mantiqiy yondashuv orqali bilishimiz mumkin emasligi (Forobiy) Kantni, go’zallik biz uchun o’zini maqsad shaklida emas, maqsadga muvofiqlik shaklida namoyon etadi degan 4 tamoyilni yaratishga olib keldi. Kantdan so’ng nemis ratsional Estetikasida Shiller, Shelling, Gegel nazariyalarining Estetika taraqqiyoti uchun ahamiyati katta bo’ldi. Shopengauer, Nisshe, Diltey singari norasional yo’nalishdagi faylasuflarning estetik qarashlarida ham o’ziga xos yangi g’oyalar ilgari surildi, masalan, Shopengauer Estetikaga yangi — «qiziqarlilik» kategoriyasini kiritdi, Nisshe esa san’atni ikki — apolloncha va dionisiycha turga ajratib o’rganishni taklif etdi. Eng yangi davr Estetikasida, Z.Freyd, ayniqsa, K.Yung ta’limotida san’at asari va san’atkorning o’zaro munosabatlarini ruhiy tiplar asosida o’rganilishi olg’a tashlangan yangi qadam bo’ldi. Shuningdek, J.P.Sartr, A.Kamyu, G.Marsel, X. Ortega i Gaset va boshqalar mutafakkirlar industrial jamiyatda go’zallik va san’atning takdiri masalalari bilan qiziqdilar. Hozirgi Estetikaning miqyosiylashuv jarayonida texnika, tabiat va turmush Estetikasiga ham jiddiy e’tibor berilmoqda; xulqiy go’zallik muammosi yanada muhim o’rin egallay boshladi. O’zbek milliy Estetikasi taraqqiyoti tarixan mintaqaviy tabiatga ega bo’lib, uning ildizlari dastlab Avesto, keyin moniylikning muqaddas kitobi Xuastuanift (za.)ga borib taqaladi. Islom dini qabul qilingach, milliymintaqaviy Estetika Qur’oni Karim oyatlari va hadisi sharifdagi «Alloh go’zal va u go’zallikni sevadi» degan tamoyil asosida rivojlandi. Bunda mashshoiyyunlik (Forobiy, Ibn Sino) bilan yonma-yon tasavvuf Estetikasida kubroviylik (Najmiddin Kubro). jo’mardlik (Pahlavon Mahmud), Naqshbandiya (Alisher Navoiy) singari tariqat mutafakkirlarining go’zallik, san’at va san’atkor borasidagi qarashlari muhim ahamiyat kasb etdi. O’zbek Estetikasi tarixida, ayniqsa, Temuriylar davri alohida o’ringa ega; Navoiyning «Mahbub ul-qulub», «Majolis unnafois», «mezon ulavzon» asarlari, 15-16-asrlarda qator tazkiralar va musiqa nazariyasi borasidagi risolalar o’zbek Estetikasi rivojiga ulkan hissa bo’lib qo’shildi. Xonliklar va chorizm mustamlakasi davrida esa o’zbek Estetikasi ko’proq tazkiralarda (Fazliy) va she’riy shakllarda (Furqat) o’z ifodasini topdi. O’zbek milliy Estetikasidagi yuksalish 19-asr oxirlari — 20-asr boshlariga to’g’ri keladi. Bu davrda ma’rifatchi-jadid mutafakkirlar yangicha estetik g’oyalarni o’rtaga tashladilar, badiiy adabiyotda, dramaturgiya janriga va zamonaviy teatr san’atiga asos soldilar. Anbar Otinning «qarolar falsafasi» (1910), Fitratning «oila» (1914), keyinroq «Adabiyot qoidalari» (1926) risolalari yuzaga keldi, Cho’lponning badiiy adabiyot, teatr san’atiga bag’ishlangan turqum maqolalari e’lon qilindi. Lekin sho’rolar hukmronligi davridagi totalitarizm barcha falsafiy fanlar qatori Estetikani ham sinfiylik va partiyaviylik tamoyillari asosida biryoqchamalikka, mahdudlikka, soxtalikka mahkum qildi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng Estetikaga alohida e’tibor berila boshlandi, estetik madaniyat (M.Nurmatov, M.Abdullayev), estetik qadriyatlar (T.Mahmudov) borasida yirik tadqiqotlar e’lon qilindi. Hozirgi vaqtda Estetika nazariyasi va tarixiga doir jiddiy izlanishlar olib borilmoqda (T.Mahmudov, A.Qurbonmamadov, E.Umarov, A.Sher, B. Husanov). O’zbekiston milliy universitetida Estetika yo’nalishi bo’yicha magistratura faoliyat ko’rsatmoqda, shu yo’nalishda aspirantura va doktorantura mavjud. Mamlakatimizda fuqarolarning estetik tarbiyasiga taalluqti turli tadbirlar, ularning estetik didini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviyma’rifiy ishlar muntazam olib boriladi. Ad.: Aristotel, Poetika, T., 1981; Mahmudov T., Go’zallik va hayot. T, 1974; Nurmatov M., Tanqid va estetika, T, 1976; Maxmudov T., Estetika i duxovnme tsennosti, T, 1993. Abdulla Sher.