ESTONIYA

ESTONIYA, Estoniya Respublikasi — Sharqiy Yevropada, Boltiq dengizi bo’yidagi davlat. Maydoni 45,2 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,408 million kishi (2003). Poytaxti — Tallin shahri ma’muriy jihatdan 15 uezdga bo’linadi. Davlat tuzumi. Estoniya — parlamentli respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yil 3 iyulda kuchga kirgan. Davlat boshlig’i — prezident (2001 yildan Arnold Ryuytel), u Davlat kengashi tomonidan yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ketma-ket ikki muddatga saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament — Davlat kengashi (Riygikogu), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Estoniya hududi Sharqiy Yevropa tekisligining shimoliy g’arbiy qismida joylashgan. Estoniya qirg’oq chizig’ining uzunligi 3780 kilometr. Qirg’oqlari, ayniqsa, g’arbiy va shimoliy g’arbi ko’p parchalangan, qo’ltiq va qo’ltiqchalar ko’p. Estoniya hududida 1500 dan ortiq Orol va orolcha bor. Yer yuzasining katta qismi pasttekislik (o’rtacha balandligi 50 metr). G’arbiy qismi va G’arbiy Estoniya arxipelagi orollari hamda Sharqiy chekkasi (Chud ko’li sohili) ning aksariyat qismi pasttekislik (eng yirigi torfli botqoqliklardan iborat G’arbiy Estoniya pasttekisligidir). Estoniyaning shimol va Markaziy qismi balandligi 160 metrgacha bo’lgan to’lqinsimon tekislik. Virts’yarv qo’lidan Janubi Sharqda Estoniya hududining eng baland qismi — Xaanya (balandligi 318 metr), Otepya qirlari, ulardan g’arbda Sakala qiri bor. Shimol va Markaziy qismida morena yotqizig’i bor. Asosiy qazilma boyliklari: yonuvchi slanes, fosforit, qurilish materiallari, torf, sapropel, shifobaxsh balchiqlar. Iqlimi dengiz iqlimidan kontinentallikka o’tuvchi oraliq iqlim, sharqi va Janubi sharqida kontinentallik ortib boradi. Tallinda Fevralning o’rtacha temperaturasi — 5,5°, iyulniki 16,6°. Yillik yog’in 600-700 millimetr; eng ko’p yog’in Janubi Sharqda yog’adi. Estoniyada suv tarmoqlari zich; 420 daryo bor. Barcha daryolarning umumiy uzunligi 31,2 ming kilometr. Eng yiriklari: Pyarnu, Emayigi, Narva, Kazari. Estoniya ko’l va suv omborlari maydoni bo’yicha Boltiq bo’yi davlatlari orasida 1 o’rinda turadi; umumiy maydoni 2130 kilometr kvadratdan ortiq 1000 dan ziyod ko’l va suv omborlari bor. Eng yirik ko’llari: ChudPskov, Virt’syarv. Narva suv ombori bor. Tuproqdari, asosan, chimlipodzol, chimli karbonatli, botqoqlashgan va botqoq tuproqlar. Estoniya aralash o’rmonlar zonasida joylashgan. Hududining 40% o’rmon; uning 2/3 qismi igna bargli daraxtlar (qarag’ay, qoraqarag’ay). Shimoliy g’arbiy qismi va orollarda keng o’tloqlar bor. Hayvonot dunyosi xilma-xil: sut emizuvchilardan Los, elik, qobon, malla quyon, oq quyon, bo’ri, tulki; qushlardan qur, kaklik, karqur, bulduruq, Ivolga va boshqalar yashaydi. Dengiz sohilida uchib o’tadigan qushlar (g’oz, o’rdak, oqqush, gagara) qo’p. Dengizning sohilga yaqin suvlari ovlanadigan baliq turlariga boy. Estoniya hududida Viydumyae, Vilsandi, Matsalu, Nigula qo’riqxonalari, Laxemaas milliy bog’i bor. Aholisi. Asosiy aholisi esshonlar; shuningdek, rus, ukrain, Belorus, fin va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy til — eston tili. Dindorlarning aksariyati lyuteranlar va pravoslavlar. Shahar aholisi 71,5%. Yirik shaharlari: Tallin, Tartu, Narva. Tarixi. Mil.AV. 3-ming yillikda Estoniya hududida finugor qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalarida jezdan, 1-ming yillik o’rtalarida esa temirdan asboblar ishlangan. Shu davrga kelib Boltiq bo’yi fin qabilalari (estlar va livlar) ning uyushuvi boshlandi. 2-ming yillik boshida savdo markazlari, gavanlar [Tallin, Tartu (Yurev)] paydo bo’ldi. qadimiy qabilalarning hududiy uyushmasi va ularning Ittifoqi vujudga keldi. Eston elati shakllana boshladi. 1030-61 yillarda Estoniyaning Jan.Sharqiy qismi Kiyev Rusiga qaram bo’ldi. 13-asrdan boshlab nemislar, keyinchalik daniyaliklar agressiyasi natijasida Estoniyada davlat shakllanishi jarayoni to’xtab qoldi. 13-asrning 2-yarmi — 16-asrning o’rtalarida nemis salibchilari tomonidan bosib olingan Estoniya hududi Livoniyaning bir qismi bo’lib qoldi. 1558 yil yanvarda Rossiya Livon urushini boshladi. Rus qo’shinlaridan yengilgan Livon ordeni tarqalib ketdi. 1572-77 yillarda Rossiya Estoniyaning barcha qismini (Tallin va orollardan tashqari) bosib oldi, ammo Rech Pospolita va Shvesiya qo’shinlarining’qarshi hujumi (1580— 81) natijasida shim. Estoniya (Estlyandiya) Shvesiyaga, Janubiy Estoniya Rech Pospolitaga o’tdi, Saaremaa oroli Daniyada qoldi. Shvetsiya bilan Rech Pospolita o’rtasidagi urushlar (1600— 11, 1617-29) natijasida 1625 yilga kelib Shvesiya Estoniyaning barcha materik qismini bosib oldi. 1645 yil Saaremaa oroli ham Shvetsiyaga o’tdi. 1656-58 yillarda Rossiya — Shvetsiya urushlari oqibatida Sharqiy Estoniya Rossiyaga qo’shib olindi, ammo 1661 yil urushdan avvalgi chegara qayta tiklandi. Shvesiyaga qarashli Boltiq bo’yi Estlyandiya (shimoliy Estoniya) va Liflyandiya (Janubiy Estoniya va Shimoliy Latviya) guberniyalariga bo’lindi. Shimoliy urush (1700-21) natijasida Estoniyaning barcha qismi Rossiyaga qo’shib olindi. Bu 1721 yilgi Nishtaning sulh shartnomasi bilan rasman tasdiqlandi. 1917 yil aprelda eston yerlari muxtoriyat maqomidagi alohida provintsiya qilib ajratildi. 1917 yil oktyabr oxirida sho’ro hokimiyati o’rnatildi. 1918 yil 24 Fevralda Estoniya mustaqilligi e’lon qilindi. 1918 yil 29 noyabrdan 1919 yil 5 iyungacha Estoniya sovet Respublikasi (Estlyandiya mehnat kommunasi nomida) mavjud bo’ldi. 1919 yil 19 mayda ta’sis Majlisi Estoniya Respublikasi tuzilganligini e’lon qildi; 1934 yil martda davlat to’ntarishi amalga oshirildi va diktatura o’rnatildi, parlament tarqatib yuborildi. 1935 yil barcha siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi. 1940 yil iyulda Estoniya hududiga sovet qo’shinlari kiritildi. 1940 yil 21 iyulda Estoniya SSR tuzildi. 1940 yil 6 avgustda SSSR tarkibiga qo’shib olindi va estonlarning bir qismi deportasiya qilindi. 1941 yil dekabrdan nemis-fashist qo’shinlari tomonidan bosib olindi; 1944 yil ozod qilindi. 1988 yil 1-2 dekabrda Estoniya xalq fronti tuziddi; u o’z oldiga Estoniya mustaqilligini tiklash vazifasini qo’ydi. 1990 yil 8 mayda Estoniya SSR Oliy Kengashi Estoniya Respublikasini e’lon qildi. 1991 yil 20 avgustda Estoniya Oliy Kengashi Estoniya Respublikasining milliy mustaqilligi to’g’risida qaror qabul qildi. Estoniya 1991 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 20 Fevralda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va 1994 yil 10 oktyabrda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 24 Fevral — Mustaqillik kuni (1918). Asosiy siyosiy partiya va birlashmalari, kasaba uyushmalari. «Respublika» partiyasi, 2001 yil dekabrda tuzilgan; Estoniya Birlashgan xalq partiyasi, 1994 yil tashkil etilgan; islohotlar partiyasi, 1994 yil asos solingan; Mo’tadillar partiyasi, 1996 yil tuzilgan; Vatan Ittifoqi, 1995 yil tashkil etilgan; Estoniya tsentristlar partiyasi, 1992 yil asos solingan; Estoniya xalq Ittifoqi, 2000 yil tuzilgan. Estoniya kasaba utoshmalari Markaziy Ittifoqi, 1989 yil dekabrda tashkil etilgan. Xo’jaligi. Estoniya — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 24,3%, qishloq xo’jaligi 6,2%, xizmat ko’rsatish tarmog’i 69,5% ni tashkil etadi. Iqtisodiyotda slanes va fosforit qazib olish muhim o’rin tutadi. Sanoati mahalliy tabiiy resurslar, birinchi navbatda foydali qazilmalar hamda o’rmon va dengiz boyliklari, qishloq xo’jalik xom ashyosidan foydalanish asosida rivojlanmoqda. Slanes qazib olish va uni qayta ishlash, mashinasozlik va metallsozlik (elektrotexnika, radiotexnika, priborsozlik va kema ta’mirlash), kimyo (mineral o’g’it, oltingugurt kislotasi, yuvuvchi vositalar ishlab chiqarish), yog’ochsozlik, mebel, tsellyulozaqog’oz, yengil (to’qimachilik va boshqalar) va oziq-ovqat (go’sht-sut, baliq, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish) sanoatning yetakchi tarmoqlaridir. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Yiliga o’rtacha 9,2 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Qishloq xo’jaligi go’sht-sut chorvachiligi (qoramol, qo’y, cho’chqa boqiladi) va tuzlangan hamda dudlangan cho’chqa go’shti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Dehqonchilikda donli (42,2%; bug’doy, arpa, javdar) va emxashak ekinlar, kartoshka, sabzavot ekiladi. Parrandachilik, mo’ynali darrandachilik va asalarichilik rivojlangan. Transportining asosiy turlari temir yo’l va avtomobil transporti. Temir yo’l uzunligi 1,02 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 15 ming kilometr (hammasi qattiq qoplamali). Asosiy dengiz portlari — Tallin, Novotallinskiy. Emayigi daryosida kema qatnaydi. Estoniya chetga elektrotexnika va radioelektronika sanoati mahsulotlari, sanoat jihozlari, ximikatlar, oziq-ovqat va iste’mol mollari, o’rmon va yog’ochsozlik sanoati mahsulotlari chiqaradi. Chetdan neft va gaz, mashinasozlik sanoati mahsulotlari, xom ashyo oladi. Tashqi savdoda Rossiya, Sharqiy va G’arbiy Yevropa davlatlari va boshqalar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — eston kronasi. Tibbiy xizmati. Vrachlar Tartu universitetining tibbiyot fakultetida, o’rta tibbiyot xodimlari Tallin, Tartu, KoxtlaYarvedagi tibbiyot bilim yurtlarida tayyorlanadi. Pyarnu shahrida iqlim va balchiq, Xaapsulada balchiq, NarvaYiesuu va Kuressaare shahrilarida iqlim kurortlari bor. Bundan tashqari, bir qancha sanatoriy va dam olish uylari mavjud. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Estoniya hududida dastlabki maktablar 13-14-asrlarda monastirlar qoshida paydo bo’lgan. Estoniyada majburiy 8 yillik ta’lim joriy etilgan. Mamlakatdagi 600 ga yaqin umumiy ta’lim maktabi, 30 dan ziyod o’rta maxsus o’quv yurtlarida 200 mingdan ortiq o’quvchi, 6 oliy o’quv yurti (Tartu universiteti, Tallin texnika unti, Tallin pedagogika instituti, Estoniya teologiya instituti, Estoniya qishloq xo’jalik akademiyasi, konservatoriya) da 20 mingdan ziyod talaba ta’lim oladi. Ilmiy tadqiqotlar Estoniya fanlar akademiyasi institut va ilmiy muassasalarida olib boriladi. Shuningdek, qurilish, o’rmon xo’jaligi va tabiatni muhofaza qilish, pedagogika ilmiy tekshirish institutlari ham mavjud. Estoniyada 700 ga yaqin kutubxona bor. Yiriklari: Tallindagi Davlat kutubxonasi, Tartu universiteti ilmiy kutubxonasi, Tallindagi ilmiy-texnika kutubxonasi. 60 ga yaqin muzey mavjud. Yiriklari: Tallindagi Kardiorg saroyi, Pyotr 1 uymuzeyi, tarixiy muzey, o’lkashunoslik muzeyi, Tartudagi shahar tarixi muzeyi, un-t tarixi muzeyi, adabiyot muzeyi, O. Luts uymuzeyi, Virudagi F.R.Kreytsvald uymuzeyi, KoxtlaYarvedagi slanes muzeyi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Estoniyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: «Kultuur ya elyu» («Madaniyat va hayot», eston tilidagi oylik jurnal 1858 yildan), «Maalext» («mamlakat», eston tilidagi haftanoma, 1987 yildan), «Molodej Estonii» («Estoniya yoshlari», rus tilidagi kundalik gazeta, 1950 yildan), «Raxva xyayal» («Xalq ovozi»), eston tilidagi kundalik gazeta, 1940 yildan), «Estoniya» (rus tilida haftada 5 marta chiqadigan gazeta, 1940 yildan), «Eesti nayni» («Estoniya xotin-qizlari», eston tilidagi oylik jurnal, 1924 yildan), «Eesti Ekspress» («Estoniya ekspressi», eston tilidagi haftanoma, 1989 yildan). Eta, Estoniya telegraf agentligi, 1918 yil tashkil etilgan; Boltiq yangiliklar xizmati, xususiy axborot agentligi, 1990 yil tuzilgan. Estoniya radiosiga 1926 yil, Estoniya televideniesiga 1955 yil asos solingan. Adabiyoti. 19-asr o’rtalarigacha eston xalqining ma’naviy hayoti xalq og’zaki ijodiyoti (xalq qo’shiqlari, ertak, maqol, matal va topishmoqlar)da o’z ifodasini topdi. Birinchi yozma yodgorliklar 16-asrga oid. 17-18-asrlarda diniy ruhdagi asarlar yuzaga keldi. 18-asr oxiri — 19- asr boshlarida didaktik dunyoviy adabiyot vujudga keldi. Eston milliy adabiyoti 19-asr o’rtalarida paydo bo’ldi. Ma’rifatparvar yozuvchi F.R.Felman, xalq og’zaki ijodi aossida «Kalevipoeg» dostonini yaratgan F.R.Kreytsvald uning asoschilaridir. 1860-80 yillar adabiyotida xalq romantizmi va vatanparvarlik lirikasi ustunlik qildi, dramatik asarlar va romantik tarixiy qissalar yaratildi. 1890-yillarda tanqidiy realizm shakllandi. E.Vildening «Ayoz mamlakatiga» (1896) va «temir qo’llar» (1898) romanlari eston adabiyotida tanqidiy realizm yo’nalishi va roman janriga asos bo’ldi. 1900-yillar boshida proletar adabiyoti va siyosiy satira paydo bo’ldi (X.Pegelman, Yu.Lishenbax, Eessaaru Aadu). F.Tuglas, G.Suyts kabi adiblar neoromantizm vakillaridir. 1919 yildan keyin eston adabiyotiga nemis ekspressionizmi muhim ta’sir ko’rsatdi. Nasrda realistik uslub neoromantik, impressionistik va simvolistik shakllardan tobora ustun kela boshladi (A.X.Tammsaare, M.Metsanruk, M.Under, O.Luts, X.Visnapus, I.Barbarus, A.Gaylit, yilSemper, A.Yakobson, Yu.Syutiste asarlari). 2-jahon urushi yillari (1939— 45) adabiyotga D.Vaarandi, R.Parve, E.Myannik va boshqalar kirib keldi. Urushdan keyingi yillarda shoirlar M.Raud, Y. Semper, Yu.Smull, yozuvchilar A.Xint, R.Sirge, G. Leberext, E.Krusten, dramaturglar A.Yakobson, E. Rannet va boshqalar samarali ijod qildilar. 1960— 80 yillarda shoir va yozuvchilarning yangi avlodi adabiyotga zamonaviy falsafiy-axloqiy masalalarny olib kirdi. Bu davrda adabiyotga E.Beekman, E.Vetemaa, M.Traat, A.Valton va boshqalar yozuvchilar kirib keldi. Me’morligi. E. hududidagi qadimiy me’morlik inshootlari miloddan avvalgi 3 va 2-ming yilliklarga taalluqli. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda mustahkamlangan shaharchalar (Asva, iru, Ridala), milodiy 1-ming yillik boshlarida esa qishloqlar paydo bo’ddi. 13-asrdan tosh me’morligi, xususan, qal’alar (Tallindagi Vishgorod qal’asi, 13-14-asrlar), mustahkamlangan cherkovlar (valyala, 13-asr; Karya, 14-asr) qurish avj oldi. 14-asrdan gotika uslubida cherkov, ratushalar barpo etildi. 16-asrning 1-yarmida Uyg’onish davri yo’nalishlari ham paydo bo’ddi. 1640-yillarda Estoniya me’morligiga barokko uslubi kirib kela boshladi [Narvadagi ratusha (1670) va birja (1704); Tallindagi Kadriorg saroybog’ majmuasi (1718-25, me’morlar N.Miketti, M.Zemsov)]. Klassisizm uslubi davrida jamoat binolari (Tartu universiteti binosi, 1803-09, me’mor I.Krauze) va qo’rg’onlar qurildi. 19-asr 2-yarmi me’morlikda eklektizm, 20-asr boshlarida modern (milliy romantik yo’nalish bilan), funktsionalizm yoyildi. 1960-yillardan boshlab yangi turar joy majmualari qurildi [Tallindagi Mustamyae (1961 yildan, me’morlar V.Tippel, L.Pettay va boshqalar), Vyaykeiysmyae (1973 yildan, me’morlar M.Port, M. Meelak va boshqalar) massivlari]. Qishloq qurilishi rivojlandi (Yanedas sovxoz texnikumining o’quv korpusi, 1974, me’mor V.Pormeyster; Viru tumanidagi «Linda» kolxozi idorasi, 1972, me’mor T.Reyn), turar joy va jamoat binolari barpo etildi [Tallinda «Viru» (1972, me’morlar X.Sepmann, M.Port va boshqalar) va «Olimpiya» (1980, me’morlar T.Kallas, R. Kersten va boshqalar) mehmonxonalari, Parus sporti markazi (1980, me’morlar X. Sepmann, P.Yanes, X.Looveer va boshqalar), Madaniyat va sport saroyi (1980 — 81, me’morlar R.Karp, R.Altmyae va boshqalar), Tartuda «Vanemuyne» teatri (1967-70, me’morlar A.Volberg, P.Tarvas, U.Telpus va boshqalar)]. Tasviriy san’ati. Eston xalqining qadimiy badiiy ijodiyoti, asosan, dehqonlarning amaliy bezak san’atida o’z aksini topdi (kulollik, suyak va metall buyumlar yasash, tosh va yog’och o’imakorligi, qo’lda to’qish, teriga naqsh solish). Gotika, Uyg’onish davri va barokko san’ati davrida devoriy (freskalar) hamda dastgoh rassomligi, shuningdek, tosh va yog’och o’ymakorligi keng yoyildi. 19-asr 1-yarmida portret va manzara janrlari, grafika rivojlandi. 19-asr 60-yillaridan professional san’at taraqqiy etdi. Milliy rassomlik maktabining asoschisi Y. Kyoler, haykaltaroshlik maktabining asoschisi A. Veytsenbergdir. 19-asr — 20-asr o’rtalarida rassomlar A.Laykmaa, K. va P. Raud, N.Triyk, haykaltaroshlar A. Adamson va ya.Koort ijodi diqqatga sazovor. 1920-yillardan san’atining rivojlanishida Tartudagi «Pallas» badiiy maktabi katta rol o’ynadi. Bu davrda rassomlar A.Yoxani, K.Liymand, grafik X.Mugasto, haykaltaroshlar ya.Koort, F.Sannamees, V.Mellik va boshqalar o’z asarlarini yaratdilar. 1940-yillardan keyin rassomlar E.Okas, E.Kits, N.Kormashov, L.Mikko, grafiklar G. Reyndorf, E.Eynmann, A. Bax, V.Tolli, P.Ulas, haykaltaroshlar A.Starkopf, E.Roos, A.Kaazik, M.Varik samarali ijod qildilar. Amaliy bezak san’ati ustalari M.Adamson, E.Adamson Erik, M.Roosma, L.Erm, M.Ryaek va boshqalar o’z ijodlari bilan Shuhrat qozondilar. Musiqasi. Eston xalq qo’shiq (runo) lari, asosan, bir ovozli. Cholg’u musiqasi xalq raqslari (polka, reynlender va boshqalar) bilan bog’langan. Musiqa cholg’ulari: vargan, turli naylar, volinka, konussimon kannel, bug’simon bilo va 18-asrdan skripka paydo bo’ldi. 19-asrda garmon keng tarqaldi. 1857-61 yillarda milliy qo’shiqlar to’la nashr etildi («Kalevipoeg», F.Kreytsvald). Professional musiqa dastlab cherkov musiqasi bilan birga rivojlandi. 19-asrda birinchi xor va havaskor puflama sozlar orkestrlari tashkil etiddi. 1869 yildan an’anaga aylanib qolgan milliy qo’shiq bayramlari o’tkaziladi. Xor musiqasi birinchi professional kompozitorlar (I.Kappel, K.Tyurinu, M.Xyarma) ijodida ham etakchi musiqa bo’lgan. R.Tobias simfonik va vokalsimfonik musiqalar yaratdi. 20-asr 1-yarmida A.Kapp, X.Eller, M.Lyudig, E.Oya simfonik va kamer asarlar, M.Saar, K.Kreek va boshqalar xor musiqasini yaratdilar. E.Aav, A.Lemba, A.Vedro eston operasi, E. Tubin eston baleti asoschilaridir. Eston musiqa madaniyati gullabyashnashi E.Kapp, G.Ernesaks ijodi bilan bog’liq. 1950-yillarning o’rtalarida kompozitorlarning yangi avlodi (E.Tamberg, V.Tormis, Ya.Ryaets, A.Pyart) musiqaning mazmundorligini yangi vositalar bilan boyitdilar. Ijrochilar o’rtasida xonandalar — T.Kuuzik, G.Ots, X.Krumm, T. Mayste, I.Kuusk, M.Voytes, A.Kaal, U.Tauts, dirijyorlar — N.Yarvi, E.Klas, R. Matsov, G.Ernesaks, O.Oya va boshqalar, skripkachilar — V.Alumyae, Yu.Gerres, pianinochilar — B. Lukk, K.Randalu va boshqalar mashhur. Estoniyada «Estoniya» davlat akademik opera va balet teatri (1906 yil tashkil etilgan, Tallin), Estoniya akademik erkaklar xori (1944), filarmoniya, konservatoriya (1919 yil asos solingan, Tallin), musiqa bilim yurtlari (Tallin, Tartu), Davlat simfonik orkestri ishlaydi. Teatri. Dastlabki teatr tomoshalari 16-asrda lotin tilida, 17-asrda nemis tilida ko’rsatilgan. 1665 yil birinchi xususiy teatr paydo bo’ldi. 1784 yil mahalliy ziyolilar Tallinda havaskor teatr tashkil etdilar. 1870 yil Tartudagi «Vanemuyne», Tallindagi «Estoniya» jamiyatlari huzurida milliy havaskor teatrlar tashkil etildi va ular 1906 yildan professional teatrlarga aylandi. Bu teatrlarda musiqali drama spektakllari, chet el klassiklari, milliy dramaturglar asarlari sahnalashtirildi. 1920-30 yillar Tallinda drama teatri (1916-24), «tonggi teatr» (1920-24), «Dramstudio» (1924 yil tashkil etilgan, 1937, yildan eston drama teatri, 1952 yildan drama teatri), ishchi teatri (1926— 41), Pyarnuda «Endla» (1911-53, keyinchalik drama teatri), Narvada Narva teatri (1928-40) ishladi. Keyingi yillarda teatr san’ati yanada taraqqiy etdi. Estoniyada Davlat qo’g’irchoq teatri, Davlat akademik teatri, «eski shahar studiyasi» (hammasi Tallinda), Tartudagi «Vanemuyne» davlat akademik teatrining dramatik truppasi, Pyarnudagi teatr va boshqalar teatrlar faoliyat ko’rsatadi. Teatr arboblaridan K.Ird, K.Karm, A.Lauter, Yu.Yarvet va boshqalar mashhur. Kinosi. Estoniya hududida dastlabki kinosyujetlar frantsuz firmalari tomonidan suratga olindi (1908-14). 1914 yil fotograf Ya.Pyazuke birinchi eston badiiy filmini yaratdi. 1920-yillarda bir qancha xususiy kinofirmalar faoliyat ko’rsatdi. «O’tmish ko’lankalari» (1924) va «Rummu Yuri» (1929) filmlari professional ravishda suratga olingan dastlabki filmlardir. 1930 yil K. Myarska birinchi marta «Oltin qo’ng’iz» nomli ovozli filmni yaratdi. 2-jahon urushidan keyin eston kinematografchilari «Lenfilm» kinostudiyasi bilan birgalikda «qo’rg’on ichidagi hayot» (1947) va «Andrus baxti» (1955) filmlarini suratga oldilar (ikk&tasining rej. G.Rappaport). Keyinchalik eston kino ustalari «xavfli burilishlar» (1961, rejissyorlar Yu.Kun, K.Kiysk), «Yarim kunlik parom» (1968), «o’lim qadrini murdalardan so’ra» (1977; ikkala filmning rejissyor K.Kiysk), «o’rmondagi buloq» (1973, rejissyor L. Layus), «yashash va sevish davri» (1976, rejissyor V.Kyasper), «Nima eksang…»(1980, rejissyor P.Simm) kabi filmlarni ekranga chiqardilar. Kino aktyorlari orasida E.Kivi, E.Kull, R. Allabert, T.Kark, L.Ulfsak, O.Eskola va boshqalar mashhur. O’zbekiston — Estoniya munosabatlari. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, 1994 yil ikkala davlat o’rtasida diplomatiya munosabatlari o’rnatildi. Tomonlar bir qator hukumatlararo shartnoma va bitim loyihalarini ko’rib chiqmoqdalar. Madaniy sohada munosabatlarni yo’lga qo’yish maqsadida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqalar jamoat tashkilotlari ko’magi bilan Toshkentda «O’zbekiston — Estoniya» do’stlik jamiyati tuzildi. 2003 yil O’zbekiston Respublikasi bilan Estoniya o’rtasidagi tovar aylanmasi 2,1 million AQSh dollarini, jumladan, eksport 1,1 million AQSh dollarini, import 1 million AQSh dollarini tashkil etdi.