ELEKTROMAGNIT MAYDON
ELEKTROMAGNIT MAYDON — elektr zaryadlarning o’zaro ta’siri bevosita amalga oshadigan fizik reallik; materiyaning alohida shakli. Elektr va magnit maydonlarning kuchlanganligi (induktsiyasi) bilan ifodalanadi. J. Maksvell Elektromagnit maydon nazariyasini elektromagnit hodisalarning barcha asosiy qonuniyatlarini ifodalovchi bir necha tenglamalar sistemasi ko’rinishida ifodalagan (1860). J. Maksvell nazariyasining asosida elektr va magnit maydonlarning o’zaro uzviy bog’lanishda ekanligini ifodalovchi ushbu 2 g’oya yotadi: 1) vaqt davomida o’zgaruvchi har qanday magnit maydon elektr maydonni yuzaga keltiradi va 2) vaqt davomida o’zgaruvchi har qanday elektr maydon magnit maydonni yuzaga keltiradi. J. Maksvellning birinchi g’oyasi to’g’riligini elektromagnit induktsiya hodisasi tasdiqlaydi, ikkinchisini esa G. Gers elektromagnit to’lqinlarni kashf qilishi bilan isbotladi. Maxsus shartsharoitlarda Elektomagnit maydon elektr maydon yoki magnit maydon ko’rinishida mavjud bo’lishi mumkin. Moddiy jismlar tarkib topgan atomlar teng miqdordagi musbat va manfiy elektr zaryadlarga ega. Atomdagi bu zaryadlarning Elektomagnit maydon orqali o’zaro ta’sir qilishi har qanday holatdagi jism (gaz, suyuqlik, qattiq jism, plazma)ning xususiyatlarini belgilaydi. Elektromagnit o’zaro ta’sir tabiatda mavjud uch xil fizik o’zaro ta’sirlarning biri hisoblanadi. Zaryadlarning fazoda qanday taqsimlanganligi va qanday harakat qilishi ma’lum bo’lsa, bu zaryadlar hosil qilgan Elektomagnit maydon kattaliklarini aniqlash mumkin.