ELEKTROENTSEFALOGRAFIYA

ELEKTROENTSEFALOGRAFIYA (elektro… va Yunoncha bosh miya va … grafiya) — bosh miya faoliyatini tekshirish usuli; bosh miyaning bioelektrik faolligini elektroentsefalograf vositasida yozib olish. Bosh miyada sodir bo’ladigan bioelektrik faol harakatlarni yozib olish mumkinligi va uni klinik ahamiyatini ilk marta nemis psixiatri Gans Berger aniqlagan (1929). Elektroentsefalografiyadan tadqiqot va diagnostika maqsadlarida foydalaniladi. Miya ham o’z faoliyatida, xuddi boshqa a’zo va to’qimalar singari, juda kichik elektr yurituvchi kuch (e.yu.k.) hosil qilib turadi. Uni elektroentsefalografda qayd etish mumkin. Buning uchun tekshirilayotgan odam boshiga plastinkasimon elektrodlar qo’yilib, ular apparatga ulanadi, apparat miyaning biopotentsiallarini yozib boradi. Bemor boshiga elektrodlarni o’rnatish sxemasi turlicha, eng qulayi bu Yuing usuli bo’lib, unda 12 elektrod ishlatiladi. Har xil chastotali to’lqinlar, turli faza va amplitudalarni aks ettiruvchi egri chiziq — elektroentsefalogramma (EEG) miyaning murakkab tuzilishidagi xususiyatlar, bosh miya po’stlog’idagi neyron va sinapslarnshk funktsional holatiga qarab har xil ko’rinishda bo’ladi. Elektroentsefalografiya miyani nafaqat fiziologik, balki patologik holatlarini ham qayd qilishi mumkin. Zamonaviy Elektroentsefalografiya apparatlari ko’p kanalli (ko’p tarmoqli) bo’lib, uning har bir kanali mustaqil kuchaytirish, filtrlash bloki (keraksiz to’lqinlardan tozalash uchun va boshqalar), bosh miyaning barcha qismlaridan keragini tanlash uchun to’plash (kommutator) bloki va o’ziyozar (siyohli) g’altakli galvanometer bilan ta’minlangan. Hoz. elektroentsefalograf apparatlari 8-24, ba’zan 32 kanalli bo’lib, klinik diagnostikada 8 yoki 16 kanalligidan foydalaniladi; tekshiruv o’tkaziladigan xona yorug’ va tovushdan himoyalangan, tekshiruvchi yoki bemorga hech qanday ta’sirotlar xalal bermaydigan bo’lishi kerak. Shuningdek, uni bemorga (mijozga) mutlaqo bezarar va og’riqsiz ekanligi ham tushuntirilishi lozim. Ma’lumki bosh miya biopotentsiallari juda kichik, shu bois uni yozib olishda kuchli elektron kuchaytirgich (usilitel) zarur bo’ladi. Elektroentsefalografiyani monopolyar va biopolyar usullarda yozish hamda uni xohlagan kombinasiyada amalga oshirish mumkin. Elektroentsefalografiya jarayonida turli funktsional qo’zg’otish usullarini qo’llash mumkin, bu sun’iy qo’zg’otish bosh miyani faollashtirib, ayrim yuzaga chiqmayotgan «to’lqinlarni» jonlantiradi, bu «chaqirilgan» elektroto’lqinlar orqali tegishli kasallikni aniqlasa bo’ladi. Elektroentsefalografiya yozish paytida bemorni yoshi, umumiy ahvoli hamda kasallikning kelib chiqishi va boshqalar ko’pgina holatlarga ahamiyat berish lozim. Elektroentsefalografiya shifokorga muhim ma’lumot berishiga qaramay, uni barcha klinik tekshirishlarga qo’shimcha diagnostika usuli deb qarash mumkin.