ELEFANTINA

ELEFANTINA — Nil daryosidagi Orol (Asvon qarshisida) va undagi qadimiy qishloqning yunoncha nomi. Elefantina Qadimgi Misrning Janubdagi viloyatlar bilan mol ayirboshlash savdosi (fil suyagi va boshqalar mahsulotlar) markazi va Nubiya bilan chegaradosh ma’muriy okrug — nom poytaxti bo’lgan. Orolda qadimiy podsholikdan Rim imperiyasining so’nggi davriga oid tarixiy yodgorliklar aniqlangan. 18 va 19-sulola fir’avnlari davrida Elefantinada ma’bud Xnum, ma’budalar Satis, Anukis va boshqalar ibodatxonalar qurilgan, ularning xarobalari 19-asr boshiga qadar saqlangan. 1908 yil mumiyolangan muqaddas qo’ylarning tosh sarqofalardagi nekropoli ochilgan. Granitdan ishlangan Zafar arkasi (miloddan avvalgi 4-asr oxiri), Strabon tavsiflagan suv sathining ko’tarilishini o’lchovchi Nilometr, Misr ieratik papiruslari (miloddan avvalgi 25-asr), mahalliy nomarxlar arxivi, oromiy papiruslari va Elefantinada joylashgan yahudiy harbiy manzilgohlar arxiviga doir sopol parchasiga yozilgan bitiklar (ostraka, miloddan avvalgi 6-5-asrlar) topilgan.