ELLINGTON DYUK

ELLINGTON DYUK (taxallusi, asl ismi Eduard Kennedi) (1899.29.4, Vashington 1974.24.5, Nyu-York) — afrikaamerikalik pianinochi, kompozitor, jazorkestri rahbari; mumtoz jaz san’ati asoschilaridan. Bir necha akademiyalar faxriy a’zosi. 1916 yildan turli jaz ansambllarida qatnashgan, 1927 yilda jaz orkestrini tashkil qilib, tarkibiga mashhur sozandalarni jalb qilgan, u bilan jahonning ko’pgina mamlakatlarida kontsertlar uyushtirgan. Ellington birinchi bo’lib jazda yirik musiqiy shakllar (orkestr uchun syuitalar — «Liberiya syuitasi», «tungi odam», «Shekspir dramalaridan 12 lavha» va boshqalar, «diniy musiqa kontserti»), o’ziga xos ohang beruvchi Afrika musiqa cholg’ularidan foydalangan. Uning orkestri jo’rligida buyuk xonandalar kuylagan. Amerika qoratanlilar folklori, maishiy jaz kuy va qo’shikdaridan keng foydalanib, yangi («jungli», «kayfiyatlar» va boshqalar) uslublarini kashf qilgan; jaz musiqasini kontsert san’ati darajasiga ko’targan. Ko’pgina ommalashgan kuylar («Indigo kayfiyati», «karvon», «Yolg’izlik», «sinalgan xonim» va boshqalar), shuningdek, spektakl va kinofilmlar uchun musiqalar, baletlar, «Bula» operasi va boshqalarni yaratgan. Jahon bo’ylab gastrolda bo’lgan. Ko’pgina milliy («Gremmi» va boshqalar) mukofotlar bilan taqdirlangan.