TALLI BARZU

TALLI BARZU, Uzuntepa so’nggi antik va ilk o’rta asrga oid shahar xarobasi. Samarqand shahridan 6 kilometr Janubda joylashgan. G.V.Grigorev (1936-38), Zarafshon arxeologik ekspedisiyasi (1939) qazishmalar o’tkazgan va natijada shaxarning miloddan avvalgi 1ming yillikdan milodiy 8-asrgacha bo’lgan 6 ta madaniy qatlami aniqlangan. Talli Barzuning umumiy maydoni 5 gektar, to’rtburchak shaklida, atrofi ko’plab shinaklari va burjlari bo’lgan qalin devor bilan o’rab olingan. Shaharning markazida kuhandiz (balandligi 18 metr) joylashgan, 5-6-asrlarda bu yerda qasrli mustahkam qo’rg’on qurilgan. Aholi dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug’ullangan. Talli Barzudan qizil rangga bo’yalgan qadaxlar, ikki boshli Qo’chqor ko’rinishidagi kabob ko’rasi, naqshinkor sopol idishlar, haykallar, yozuv namunalari topilgan. Arab xalifaligining Sug’dni bosib olishi jarayonida (8-asr boshi) vayron bo’lgan.