ENERGIYA

ENERGIYA (Yunoncha— harakat, faoliyat) — har qanday ko’rinishdagi materiya, xususan, jism yoki jismlar tizimini tashkil etuvchi zarralar harakatining hamda bu zarralarning o’zaro va boshqalar zarralar bilan ta’sirlarining miqdoriy o’lchovi. Xalqaro birliklar tizimida Energiya xuddi ish kabi joulda; atom fizikasi, yadro fizikasi va elementar zarralar fizikasida esa elektronvolt on o’lchanadi. Energiya yo’qdan bor bo’lmaydi va mavjud Energiya yo’qolmaydi, faqat u bir turdan ikkinchi turga o’tadi. Fizikada materiya o’zaro bog’langan modda va maydon shaklida o’rganiladi. Materiyaning harakatlariga mos holda Energiya shartli ravishda mexanik, ichki, elektromagnit, kimyoviy va boshqalar turlarga ajratib tekshiriladi. Masalan, kimyoviy Energiya elektronlarning kinetik Energiyasi hamda elektronlarning bir-biri va atom yadrolari bilan o’zaro ta’sirlari natijasida vujudga kelgan Energiyalar yig’indisiga teng. Muayyan tizimning holatini ifodalovchi parametrlarga bog’liq bo’lib, tizimning har bir holatiga aniq bir Energiya qiymati to’g’ri keladi. Tizimning istalgan holatidagi Energiya qiymati tizim bu holatga qanday usul bilan kelganligiga bog’liq emas. Binobarin, Energiya tizim holatining funktsiyasidir. Tutash muhit yoki maydon uchun Energiya zichligi va Energiya oqimi tushunchalari qo’llaniladi. Birlik hajmdagi energiya Energiya zichligi va Energiya zichligining uning tarqalish tezligiga ko’paytmasiga teng kattalik esa Energiya oqimi deb ataladi. Tartibsiz harakatlanuvchi juda ko’p zarralardan iborat tizimlarning, ya’ni makroskopik jismlarning o’zaro ta’sirida issiqlik miqdori muhim rol o’ynaydi. Tizimning mexanik harakatlanishi uchun tashqi kinetik Energiyasini, boshqa tizimlar bilan maydonlarning o’zaro ta’siri tashqi potentsial Energiyasini hosil qiladi. Tizimning tashqi Energiyasi tashqi kinetik va tashqi potentsial Energiyalari yig’indisiga teng. Makroskopik harakatsiz, boshqa tizimlar va maydonlar bilan o’zaro ta’sir qilmagan tizim Energiyasi uning ichki energiyasi bo’ladi. Tizimning har qanday holatidagi ichki Energiyasi aniq qiymatga ega, ya’ni ichki Energiya holat funktsiyasidir. Tizimni tashkil qilgan atomlar va molekulalarning Energiyalari, ular tarkibidagi elektronlar, yadrolarning o’zaro ta’sir Energiyalari va hokazo ichki Energiya tarkibiga kiradi. Termodinamikada erkin Energiya va bog’langan Energiya tushunchalari ham keng qo’llaniladi. Ba’zan Energiya turlari ichida issiqlik Energiyasi ham mavjud. Tizim zarralarining betartib harakat Energiyasi issiqlik Energiyasi deb ataladi. Har qanday jism yoki elementar zarra Energiyaga ega ekan, u massaga ham ega. Ammo shunday zarralar ham mavjudki, ularning tinch holatdagi massasi nolga teng, binobarin tinch holatdagi Energiyalar ham nolga teng. Fotonlar va neytronlar shular jumlasiga kiradi. Atom yadrosi nuklonlardan tashkil topgan. Yadroning tinch holatdagi massasi nuklonlarning tinch holatdagi massalari yig’indisiga teng emas bu ikki massa ayirmasi AM yadroning massa defekti deyiladi. Klassik fizika tushunchalariga asosan har qanday tizimning holatlari uzluksiz ravishda o’zgarib, Energiyasi uzluksiz qiymatlarga ega bo’lishi mumkin. Ammo kvant nazariyasiga asosan harakatlari chegaralangan hajmdagi fazoda sodir bo’layotgan mikrozarralar har qanday holatlarda bo’la olmaydi, u faqat maxsus holatlardagina bo’lishi mumkin, binobarin bu holatlarga tegishli Energiya uzlukli qiymatlarga ega bo’ladi. Tashqaridan Energiya kvantini qabul qilgan tizim ko’proq Energiyali holatga o’tadi. Energiya kvantini tashqariga chiqarish natijasida tizim kamroq Energiyali holatga qaytadi. Barcha tabiat hodisalari, insonning butun hayoti va faoliyati Energiya bilan bog’liq. Keng ko’lamli energetika sohasi Energiya tushunchasiga asoslangan. Energiya shakllarini o’zaro almashtirish, Energiyani uzoq masofalarga uzatish, uning ma’lum manbalaridan foydalanish, yangi Energiya manbalarini qidirish kabi masalalar fan va texnika uchun asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Suv, shamol, o’rmon, ko’mir, neft, gaz kabi cheklangan yer boyliklaridan katta sur’atlar bilan foydalanilishi natijasida ular tobora kamayib bormoqda, binobarin kishilik jamiyati oldida turgan dolzarb masala yangi Energiya manbalarini qidirib topish. Hozirgi kunda diqqatga sazovor bo’lgan yangi Energiya manbalari Quyosh va atom yadrosi hisoblanadi. Og’ir element yadrolarining parchalanishidan hosil bo’ladigan Energiyadan xalq xo’jaligida tobora keng foydalanilmoqda. Yengil element yadrolari qo’shilishidan og’irroq element yadrolari paydo bo’lishida ajralib chiqadigan Energiyadan foydalanish eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Abrol No’monxo’jaev.