ETATIZM

ETATIZM (Fransuzcha — davlat) — davlatni jamiyat taraqqiyotining yuqori natijasi va maqsadi hamda o’z navbatida, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy, hal qiluvchi omili deb hisoblovchi ijtimoiy tafakkur yo’nalishi. «Etatizm» terminini shveytsariyalik siyosatshunos N.Dro 19-asrda qo’llagan. Etatizm iqtisodiy va siyosiy hokimiyatning o’ta markazlashishi va byurokratlashishini, davlatning jamiyat hayotining barcha sohalari (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va hokazolar) da zo’ravonligini anglatadi. Etatistik mafkuraning erkinlashuv va demokratiyaga qarshi xarakteri davlatning avtoritar, totalitar va fashistik shakllarida yaqqol namoyon bo’ladi. 20-asrning 30-yillarida Turkiyada Etatizm milliy iqtisodiyotning Real modeli sifatida rasman tan olingan edi. Turkiya Respublikasining 1prezidenti M.K.Otaturk Etatizm siyosatini e’lon qilgan va bu siyosat mamlakatning 1937 yilgi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo’yilgan. Turli mamlakatlarning iqtisodiy tizimlari o’z taraqqiyotining ayrim davrlarida amalda etatistik modelga muayyan darajada yaqinlashgan. Uning asosiy belgilari fashistlar Germaniyasi singari totalitar davlatlarda amalga oshirilgan. SSSR, Sharqiy Yevropa, shuningdek, Janubisharqiy Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlarida davlat iktisodiyoti aslida etatistik iqtisodiyot bo’lgan edi. Iqtisodiyot etatistik modelining samarasizligi SSSR va Sharqiy Yevropa mamlakatlari iqtisodiyotining sinishida ayniqsa yaqqol ko’zga tashlandi.