TADBIRKORLIK
TADBIRKORLIK — kapital sarflab tovar va xizmatlar yaratish bilan foyda topishga qaratilgan iqtisodiy faoliyat, biznesning asosiy turi; Tadbirkorlik mulkchilik sub’yektlarining foyda olish maqsadida tavakkal qilib va mulkiy javobgarligi asosida amaldagi krnunlar doirasida tashabbus bilan iqtisodiy faoliyat ko’rsatishidir. Tadbirkorlik noyob qobiliyat, yer, mehnat, kapital, axborotlar bilan bir qatorda iqtisodiyot va ishlab chiqarishning bosh omillaridan biri hisoblanadi. Tadbirkorlik biznesga kiradi, lekin har qanday biznes Tadbirkorlik bo’lavermaydi. Biznesda tovar va xizmatlar yaratilib, bozordagi talab qondirilganda Tadbirkorlik faoliyati yuzaga keladi. Tadbirkorlik tarixi uzoq o’tmishga borib taqalsada, Tadbirkorlik tushunchasi 18-asrda paydo bo’lgan va ko’pincha «mulkdor» iborasi bilan bir ma’noda qo’llanilgan. Xususan, A. Smit tadbirkorni foyda olish uchun biron-bir tijorat g’oyasini amalga oshirish maqsadida tavakkalchilik bilan ish ko’ruvchi mulkdor deb tavsiflaydi. Hozirgi zamon G’arb adabiyotida ham Tadbirkorlik foyda olish maqsadida xo’jalik yuritish san’ati, iqtisodiy va tashkiliy ijodkorlik va tashabbusning erkin namoyon bo’lishi, novatorlik, xavf-xatarga doim tayyor turish kabi belgilar bilan tavsiflanadi. Tadbirkorlik quyidagi tamoyillarga tayanadi: bozor talabiga ko’ra mustaqil iqtisodiy faoliyat olib borish; foyda olishdan iborat maqsadga ega bo’lish; iqtisodiy mas’uliyat va majburiyatni o’z zimmasiga olib, tavakkaliga ish qila bilish; yangilikka intilish; belgilangan qonunqoidalarga rioya qilish; tadbirkorlik sirini saklash; ijtimoiy mas’uliyatni his etish, ya’ni o’z jamoasi, xalqi farovonligini ta’minlashni o’z faoliyatining asosiy yo’nalishi deb bilish va boshqalar. Tashkiliy jihatdan Tadbirkorlik jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatidan iborat. Tadbirkorlik biznes sifatida, asosan, sanoat, agrar va servis sohalarda kechadi. Tadbirkorlik mulkiy jihatdan 4 xil ko’rinishga ega: davlat tadbirkorligi; xususiy tadbirkorligi; jamoa tadbirkorligi; aralash Tadbirkorlik Ish ko’lami jihatidan kichik, o’rta va yirik Tadbirkorlikka bo’linadi. Ular bir-biridan kapital miqdori, ishlovchilar soni, yaratilgan mahsulot va xizmatlarning bozor qiymati (hajmi) va olingan foyda miqdoriga qarab farqlanadi. Tadbirkorlik g’oyat murakkab faoliyat bo’lganidan, maxsus iste’dod, tayyorgarlik va tajribani talab qiladi. Yer yuzida Tadbirkorlik bilan aholining 8-10% shug’ullanadi, xolos. Xitoyda 2002 yilda aholining 12,5% Tadbirkorlik qilgan. O’zbekistonda 2003 yil mehnatga layoqatli aholining 15,4% Tadbirkorlik bilan shug’ullandi. Ulardan mikrofirma sohiblari (ming kishi) — 214,0, kichik korxona egalari — 17,3, o’rta korxona egalari — 7,4, fermerlar — 87,5, yakka tartibda Tadbirkorlik qiluvchilar — 97,1, mayda dehqon xo’jaligi sohiblari — 160,0 dan iborat buldi (2004). O’zbekistonda Tadbirkorlik tarixan ko’hna hodisa hisoblansada, bozor iqtisodiyotiga o’tish munosabati bilan o’tkazilgan iqtisodiy islohotlar natijasida 20-asrning 90-yillaridan boshlab kichik va o’rta savdo, umumiy ovqatlanish, aholiga xizmat kursatish korxonalarining xususiylashtirilishi munosabati bilan xususiy Tadbirkorlik ancha rivojlandi. Respublikada iqtisodiyotni isloh qilishning dastlabki bosqichida «O’zbekiston Respublikasida tadbirkorlik to’g’risida» qonuni (1991, 15 Fevral), «Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag’batlantirish to’g’risida» (1995, 12 dekabr), «Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to’g’risida» (1999, 15 aprel). «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida» (2000, 25 may) qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 23 Fevraldagi «Kichik tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo’llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish to’g’risidagi» farmoni O’zbekistonda bozor iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo’lgan tadbirkorlar toifasini shakllantirishga huquqiy bazani yaratdi. Ahmadjon O’lmasov, Rustam Hasanov.