TARIM

TARIM — Xitoyning g’arbiy qismidagi daryo. Kunlun, Qoraqurum, Tyanshan va Pomir tog’laridan boshlanuvchi Yorkenddaryo, Oqsuv va Xo’tan daryolarining qo’shilishidan hosil bo’ladi. Uzunligi Yorkend daryosi boshlangan joyidan 2030 kilometr, Markaziy Osiyoda eng uzun daryo. Havzasining maydoni 1 million kilometr kvadrat. Ancha masofada Qashqar (Tarim) tekisligining g’arbiy va shimol chekkasidan oqadi. Eng sersuv irmog’i — Oqsuv. Yorkenddaryo va Xo’tan daryosi ba’zi yillari qurib qoladi. Tarim o’rta va quyi oqimida juda sertarmoq, asosiy o’zani ham tez-tez o’zgarib turadi. Deltasi murakkab tuzilgan bo’lib, Ko’nchidaryoga tutashgan. Tarimning asosiy qismi Ko’nchidaryoga oqqan yili Lobnor ko’lining maydoni kengayadi, aksincha Ko’nchidaryo suvi Tarimga oqqan yili Lobnor kichrayib yoki butunlay qurib, Qorabo’ronko’lning maydoni kengayadi. Qadimda Tarimga Qashqar, Tiznaf, Keriya daryolari ham quyilgan. Tarim qor va yomg’irdan, yuqori oqimida muzlikdan suv oladi; may oyidan sentabrgacha sersuv bo’ladi. O’rta oqimida eng yuqori suv sarfi 2500 metr kub/sekund. Daryo qishda muzlaydi. Baliqqa boy. Suv parrandasi ko’p. Tarim suvidan ekinzorlarni sug’orishda foydalaniladi.