TO’QUVCHILIK
TO’QUVCHILIK — tabiiy (paxta, jun, ipak, zig’ir, kanop va hokazolar) va sun’iy tolalardan gazlama va boshqa to’qimachilik mahsulotlari olish jarayonlari majmui; hunarmandchilikning bir turi, kasb. Dastlab (neolit va ibtidoiy jamoa davrida) yigirish va to’qishga doyr ishlar qo’lda bajarilgan. Keyin urchuqlar, dastaki to’quv dastgohlari paydo bo’lgan. Chigit ekib, paxtadan ip gazlama olish O’rta Osiyoda milodning boshidayoq tarqalgan. Lekin ishlab chiqarish texnikasi nihoyatda sekinlik bilan o’sgani uchun yigirish va to’qish qo’lda bajarilgan. Keyinchalik yog’ochdan yasalgan dastaki To’quvchilik dastgohi (do’kon) paydo bo’lgan. To’quvchilikni mexanizatsiyalashga urinish 16-18-asrlarga to’g’ri keladi. Ingliz ixtirochisi J. Keyning 1733 yilda ixtiro qilgan «o’ziuchar» moki To’quvchilikda katta ahamiyatga ega bo’ldi. 18- asr oxirida Buyuk Britaniyada E. Kartrayt mexanik to’quv stanogini ixtiro qildi. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida mokisi avtomatik tarzda almashtiriladigan To’quvchilik stanoklari paydo bo’ldi. Dastlab, ip yigirish, gazlama to’qish, pardozlash ishlari yakka tartibda bajarilgan, keyinchalik (18-asr 2-yarmidan) kichik-kichik, keyin yirikroq korxonalar paydo bo’lgan. To’quvchilik to’quv stanoklarida korxonalarda bajariladi. To’qimagazlama ishlab chiqaradigan korxona to’quv fabrikasi deyiladi. To’quv fabrikasining yonida ip yigiruv fkasi va to’qimaga gul bosadigan fabrika ham bo’lsa, korxona To’quvchilik kombinati deyiladi. To’quvchilikning asosiy xom ashyosi paxta (va boshqa tabiiy tolalar) hisoblanib, kimyoviy tolalardan ham keng foydalaniladi. Gazlama to’qishning texnologik jarayoniga ko’ra, To’quvchilik tayyorgarlik, to’qish va yakunlovchi operasiyalarni o’z ichiga oladi. Tayyorgarlikda tolalarni aralashtirib, yigirib har xil ip olinadi. Ip tayyorlash tartibi quyidagi ketma-ketlikdan iborat: tanda ipini qayta o’rash, tandalash, ohorlash, tanda ipini o’tkazish; arqoq ipini qayta o’rash, namlash yoki emulsiyalash, tanda ipini qayta o’rash naychalaridagi ipni bobinaga yoki flanesli g’altaklarga o’rashdan iborat. Tandalashda bobinadagi tanda iplari tanda vallariga Parallellab o’raladi. Bu operatsiya tanda mashinalarida bajariladi. Tanda ipining pishiqligini oshirish uchun ular ohorlanadi. Tanda ipini remizalar ko’zi va berdo plastinkalari orasidan o’tkazish («proborka») maxsus stanoklarda bajariladi. Arqoq ipi yigiruv fabrikalarida to’quv stanogining mokisiga tushadigan naychalarda ishlab chiqariladi, shuning uchun u maxsus tayyorlash operatsiyasidan o’tkazilmaydi. Arqoq ipining elastik va silliq bo’lishi hamda halqa (tugun) hosil qilmasligi uchun uni namlash yoki emulsiyalash lozim. Shu tariqa tayyorlangan tanda va arqoq iplaridan to’quv stanogida turlicha o’rilish usullarida gazlama to’qiladi. To’qish jarayonida tanda iplariga arqoq iplariga nisbatan to’quv stanogi ish organlari kuchliroq ta’sir qiladi. Shuning uchun tanda iplari sifatliroq xom ashyodan tayyorlanadi, aks holda to’qish jarayonida tanda ipi uzilaverib, ish sur’ati va gazlama sifatiga ta’sir qiladi. Yakunlovchi operasiyalar tayyor gazlamani o’lchash (maxsus mashinalarda), tuklarini qirqish va tozalash, sifatini tekshirish va taxlash mashinalarida taxlash ishlarini o’z ichiga oladi. Yakunlovchi operasiyalarning barchasi potok liniyalarda bajariladi. Keyin gazlama pardozlash, gul bosish (zarur bo’lsa) jarayonlaridan o’tkaziladi.