TO’LOV BALANSI
TO’LOV BALANSI — bir mamlakatdan boshqa mamlakatlarga to’lovlar ko’rinishidagi pul mablag’lari harakatini aks ettiradigan jadval, ro’yxat. To’lov balansi muayyan muddat davomida mamlakat chet ellarga to’lagan va xuddi shu davr mobaynida mamlakatga chet eldan tushgan to’lovlar summalari nisbatini tavsiflaydi. To’lov turkumiga tashki qarz, uning foizi, chetdan olingan (import) tovarlar va xizmatlar haqi, xorij investisiyalari, xorijda diplomatik ishlarni, iqtisodiy aloqalarni yuritish xarajatlari, fuqarolar va qo’shma korxonalarning chet elga pul o’tkazmalari va boshqalar kiradi. Chetdan keladigan tushumlar boshqa davlatlar qaytargan qarzlar, ularning foizi, xorijdagi korxonalar va tashkilotlardan o’tkazilgan foyda, eksport qilingan tovarlar va xizmatlar haqi, boshqa yurtlik fuqarolar, korxonalar, tashkilotlar, shuningdek, xalqaro yoki mintaqaviy tashkilotlar o’tkazgan puldan iborat bo’ladi. Chetga berilgan to’lovlarga nisbatan chetdan kelgan to’lovlar ko’p bo’lsa To’lov balansi faol hisoblanadi (To’lov balansi saldosi ijobiy). Bunday hodda mamlakatga valyuta ko’proq oqib keladi, uning valyuta fondi o’sadi, aks hodda To’lov balansi passiv bo’lib, valyuta chiqib ketadi va valyuta fondi qisqaradi (To’lov balansi saldosi salbiy) To’lov balansining muhim qismini tovarlar va xizmatlar eksport va importi — savdo balansi tashkil etadi.