TURNALAR

TURNALAR (Gruidae) — turnasimonlar turkumi oilasi. 4 urug’ga Birlashgan 15 turi mavjud. Yirik, oyoqlari va bo’yni uzun, qanotlari nisbatan keng. Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika, Avstraliyada tarqalgan. Suvoldi yoki o’ta nam ekosistemalarda yashaydi. Mavsumiy migrasiya davrida qishlash joylariga katta gala bo’lib uchib ketadi. Uyasini yerga o’simliklardan yasaydi. 3-6 yoshida voyaga yetadi. Nasl uchun ikkala jins ham g’amxo’rlik qiladi. 2— 3 ta tuxum qo’yib, 1 oyga yaqin bosadi. Bolalari 2-3 oy o’tgach, uchirma bo’ladi. Jufti doimiy, uzoq saqlanadi. Yosh qushlar ota-onasi bilan qishlov joyiga uchib ketadi; bahorda uya qurish joylariga qaytib kelgandan so’ng alohida yashay boshlaydi. O’simliklar urug’i, kurtagi, mevasi, hasharotlar, mayda kemiruvchilar, baliqlar, mollyuskalar va b. bilan oziqlanadi. O’zbekistonda oq turna, kulrang turna va kichik turna uchib o’tish davrida uchraydi. Janubiy viloyatlarda kulrang turna qishlab ham qoladi. Oq turna Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi va O’zbekiston Respublikasi qizil kitoblariga kiritilgan.