TULUZ LOTREK
TULUZ LOTREK (Toulouse Lautrec) (asli Tuluzlotrekmonfa, ToulouseLautrec Monfa) Anri Mari Raymon de (1864.24.11, Albi 1901.9.9, Malrome, Bordo yaqinida) — frantsuz rassomi, postimpressionizmning yirik namoyandasi. 1881 yildan asosan Parijda yashagan, L. Bonn va 1884 yildan F. Kormondan ta’lim olgan. E. Dega, yapon gravyurasidan ta’sirlangan. Ilk asarlaridayoq o’ta individual obrazlar yaratdi (E. Bernar portreta, 1885, Teyt galereyasi, London). 1880-yillarning 2yarmidan ziyolilar, oddiy kishilarning hayoti va ermaklarini, Parij teatrlari, raqs zallari, kabare, tsirk lavhalarini yaratdi, portret va kompozitsiyalarida kinoyali, o’ta fosh etuvchanlik ruhi namoyon bo’ldi: «Mulendelagalettdagi bal», 1889; «Mulenrujdagi raqs», 1890; «Mulenrujda», 1892; «Xonanda Ivett Gilber», 1894; «Demulen ko’chasidagi salonda», 1894-95 va b. Uning qalamtasvirining o’tkirligi teatr afishalarida o’z ifodasini topgan. Shuningdek, qalamtasvirining yengil va o’ynoqiligi, tanlangan ranglar yorqinligi bilan e’tiborni tortadi («Aristad Bryuan o’z kabaresida», 1892; «Janna Avril», 1893 va boshqalar). Uslubiy izlanishlar Tuluz Lotrekni modernizmga yaqinlashtirdi, bu grafika asarlari (ayniqsa, rangli litografiyalar)da ko’zga tashlanadi. Ko’plab rasmlari va litografiya turkumlari jonli, ta’sirchanligi, mubolag’ali sharjlari bilan diqqatga sazovor. Albi shahrida Tuluz Lotrek muzeyi tashkil qilingan.