TAKLAMAKON YODGORLIKLARI
TAKLAMAKON YODGORLIKLARI — Taklamakon cho’lidan topilgan qadimgi yodgorliklar. Qum bosgan ko’plab ko’hna shahar xarobalari aniqlangan. 1979 yil Lobnor ko’li yaqinidan oquvchi kunchi daryosi bo’yida bundan 5-6 ming yil ilgari yashagan odamlarning qabri topilgan. Jasadlar boshiga uchli kigiz qalpoq kiygizib qo’yilgan, ular yungdan dag’al to’qilgan mato bilan o’ralgan. Qabrdan, shuningdek, palosgilam, kigiz, teriga ishlov berib qilingan etik nusxalari, nafis to’qilgan savatlar va ular ichidan chiqqan bug’doy donlari topilgan. Topilmalar Taklamakon cho’li atrofida qadimda ancha yuksak madaniyat, xususan, hunarmandchilik va dehqonchilik rivoj topganligini ko’rsatadi. Jasadlar maxsus asboblar yordamida Nanjin sh.(XXR) da tekshirib ko’rilganda ulardan eng qadimgilarining yoshi 6 ming yildan oshganligi aniqlangan. Ayrim jasadlarning nafaqat terisi, balki ichki a’zolari ham yaxshi saqlangan; hatto kichik tomirlari mikroskop yordamida tekshirilganda, unda yog’va teri bezlari aniq ko’ringan. Jasadlar orasida «Krurona go’zali» nomini olgan o’rta yoshli ayol jasadi alohida e’tiborga molik. Olimlar uning o’pkasidagi kremniy va kislorod birikmasini hisobga olgan holda, u cho’lda yuz bergan qum bo’ronida qolib ketishi natijasida bevaqt vafot etgan degan taxminga kelishgan. Ayolning yoshi 42-45 larda bo’lib, u sarg’ish sochli, kipriklari uzun, yupqa labli, Turkiston xalqlariga xos kirra burun, go’zal bo’lgan. Yaponiya olimlari jasad asosida uning asl kiyofasini tiklashgan. Abdulahad Xo’jayev.