TAN

TAN, Tang — o’rta asrlarda Xitoyda mavjud bo’lgan markazlashgan davlat va sulola (618-907). «Tan» atamasi — mag’rurlanish, tasodif ma’nosini anglatadi. Asoschisi — Li Yuan (566— 635) bo’lib, Gaozu nomi bilan taxtni boshqargan (618-626). Tan davlatining tashkil topishi 610 yil Xitoyda Suy sulolasiga qarshi boshlangan xalq qo’zg’oloni bilan bevosita bog’liq. Yirik amaldorlar fursatdan foydalanib taxtni egallashga intilgan. Ulardan Shansi o’lkasining rahbari Li yuan turkiy qavmlar bilan yaqin bo’lgani uchun katta salohiyat va imkoniyatga ega bo’lgan. U 3 nafar o’g’illari bilan turkiy qavmlar yordamida Suy sulolasini himoya qilish bahonasida poytaxt Chan’an (hoz. Sian)ga kirib olgan va o’zini imperator deb e’lon qilib, o’z hokimiyatini Tan deb atagan. 630 yildan Tan faol tashki siyosat yurgiza boshlagan va dastavval Buyuk ipak yo’lini qo’lga kiritishga harakat qilgan. 640 yil Turfon (Gavchan) davlatiga hujum qilib uni yo’q qilgan, so’nfa Sharqiy Turk xoqonligi, Uyg’ur xonligi va G’arbiy turk xoqonligi kabi davlatlar bilan urush olib borgan. Bu urush jarayonida Tan ular o’rtasidagi ziddiyatlardan to’la foydalanish va biri bilan do’stlashib, ikkinchisini yo’qotish, ularni ichidan zaiflashtirib, so’nggi (pirovard) g’alabani qo’lga kiritish amaliyotini qo’llagan. 645-668 yillarda Tan Koreyani tobe etgan, so’ng Manjuriyadagi moxe va Kidon qabilalari hokimiyatini tugatgan. 747 yil Tan armiyasi hozirgi Qirg’izistonning To’qmoq (Suyob, Suyyo) viloyatiga, 748 yil Pomirdagi Kichik Bolurga (Syao Boli), 750 yil Shosh (Toshkent) ga qujum qilgan, Shosh hukmdori o’ldirilgan, uning o’g’li arablardan madad so’rashga majbur bo’lgan. 751 yildagi Talas jangida Tan armiyasi tor-mor keltirilgan. Shundan so’ng Tan imperiyasining Markaziy Osiyodagi faoliyatiga chek qo’yilgan. Mamlakatda ijtimoiyiqtisodiy ahvol yomonlashgan; ketma-ket xalq qo’zg’olonlari sodir bo’lishi ichki siyosiy tanazzulni kuchayishiga va Tan imperiyasini 15 ta mayda hokimliklarga bo’linib ketishiga olib kelgan. Abdulahad Xo’jayev.