YIGIRISH

YIGIRISH — tolali o’simlik (jut, zig’ir, kanop, paxta), jun va ipak tolalaridan, kimyoviy tolalardan har xil yo’g’onlikka hamda turli fizikaviy xossalarga ega bo’lgan iplar tayyorlash jarayoni. Yigirish qo’lda va mashinalarda amalga oshiriladi. Qo’lda Yigirish so’nggi neolit davridan ma’lum. Keyinchalik jahondagi deyarli barcha xalqlar orasida (chekka shimol o’lkalari xalqlaridan tashqari) keng tarqaldi. Paxta tolasidan ip Yigirish dastlab Hindistonda ma’lum bo’lgan. O’rta Osiyoda paxta ekib, ip Yigirish va gazlama to’qish milod boshidayoq rasm bo’lgan edi. Qo’lda Yigirishning eng oddiy usuli barmoklar yordamida tolalardan pilik tayyorlab va uni osilgan holatda ushlab kaftlar orasida asta-sekin ingichkalashtirishdan iborat bo’lgan. Keyinchalik dugli urchuq paydo bo’ldi va ip tayyorlash ancha osonlashdi. O’zbekistonda qadimgi Urchu qancha takomillashtirilib, g’ildirakli charx yasaldi. Bunday charxning g’ildiragi qo’lda aylantirilardi, shunda uning urchug’i chilvir orqali uyoqdan-buyoqqa burilardi. Bora — bora charx takomillashtirila borildi. Urchuq yoki charxda ip Yigirish uchun tolalar oldin yog’och taroqlarda tarab tekislab olinar edi. Yigirish uchun tayyorlab olingan tolalardan piliklar tayyorlanib, ulardan ingichka-yo’g’onligi deyarli bir xil iplar eshilardi. Qo’lda Yigirish usuli ayrim joylarda hozir ham qo’llanadi. Mashinada Yigirish 18-asrdan boshlab rivojlana boshladi. Uzluksiz ishlaydigan birinchi urchuqli Yigirish mashinasiga Buyuk Britaniyada 1738 yil patent berilgan. Unda cho’zish asbobi xam bo’lgan. Bunday mashinada tolalarni cho’zish, burash (eshish) va o’rash (g’altakka o’rash) jarayonlari bajarilgan. Yigirish mashinasi asta-sekin takomillashtira borildi. 1823 yilda davriy ishlaydigan avtomat Yigirish mashinasi, 1870 yilda esa uzluksiz ishlaydigan halqasimon Yigirish mashinasi ixtiro qilindi. Shundan so’ng Yigirish mashinalarining yangi-yangi modellari yaratildi. Angliya, Frantsiya, Germaniya, AQSh, Rossiyada Yigirish fabrikalari qurildi. Hozir Yigirish jarayoni, asosan, avtomat mashinalarda amalga oshiriladi. O’zbekistonda Yigirish korxonasini ham o’z ichiga olgan dastlabki to’qimachilik fabrikasi 1926 yilda Farg’onada qurildi. Keyinchalik Toshkent to’qimachilik kombinati barpo qilindi (1932-40). Uning tarkibida Yigirish fabrikasi ham bor. Hozir bu korxona juda yiriklashib ketgan. Toshkent to’qimachilik mashinalari zavodi 1946 yil dastlabki pilik tayyorlash va Yigirish mashinalarini ishlab chiqara boshladi. «O’zbekto’qimachilikmash» birlashmasida (1971 dan) pilik tayyorlash, Yigirish, halqali Yigirish, Yigirish-pishitish uskunalari ishlab chiqariladi. O’zbekiston mashinasozligida Yigirish, eshish-pishitish, kalavalash jarayonlarini birgalikda bajaradigan halqali Yigirish (jun tolalari uchun) va Yigirish-pishitish (paxta tolalari uchun) mashinalari yaratildi. Bulardan 5 xil rusumli mashinalar chet ellarga eksport qilinadi. Jumladan, PK-100 rusumli Yigirish-pishitish mashinasi Brno (Slovakiya, 1965), Plovdiv (Polsha, 1966) Xalqaro yarmarkalarida oltin medal olgan. Mashinada Yigirish jarayoni tolalarni Yigirishga tayyorlash, Yigirishning o’zi, ipni pardozlash va o’rash bosqichlarini o’z ichiga oladi. Ipni tayyorlashda tolalar tozalanadi, pishitiladi, uzunligi va yo’g’on-ingichkaligi bo’yicha xillanadi, taraladi, bir oz pishitilib pilik hosil qilinadi. Bu ishlar birin-ketin savash, titish, tarash, cho’zish va pilik mashinalarida bajariladi. Ipni pardozlashda uning sirti tozalanadi, ipak va jun tolalaridan yigirilgan ipning tuklari kuydiriladi, ip nazorat tirqishidan o’tkaziladi. Tayyor ip g’altaklar, qogoz patronlar va bobinalarga o’raladi. Mashinada yigiriladigan tolalarning xossalari va olinadigan ipning nimaga ishlatilishiga qarab, Yigirishning 3 tizimi, ya’ni oddiy (karda), qayta tarash va apparat tizimlari qo’llanadi. O’rtacha yo’g’onlikdagi uzun tolalar oddiy tizimda, ingichka uzun tolalar qayta tarash tizimida, kalta tolalar apparat tizimida yigiriladi. Bu tizimlar bir-biridan tolalarni tarash usuli b-n farq qiladi. Bulardan tashqari, shtapel tizimi ham bor. U elementar kimyoviy tolalar dastasidan kalava ip olishda qo’llanadi. Bu tizimda tolalarni titish, savash va tarash jarayonlari bo’lmaydi. Aytib o’tilgan tizimlarda qo’llanadigan Yigirish mashinalarining hammasida urchuq bor. Amalda urchuqsiz Yigirish mashinalari ham qo’llanadi. Ularda tolalarni burash va ipni o’rash jarayonlarini mustaqil ish qismlari bajaradi. Yigirish paytida tolalarga ta’sir qiladigan kuchlarni qisobga olib urchuqsiz y.ning ushbu usullarini sanab o’tish mumkin: pnevmomexanik, uyurmaviy va elektr mexanik usullar. Urchuqsiz Yigirish mashinalarining ish unumdorligi urchukli mashinalarnikidan 2-3 marta yuqori bo’ladi. Teksturlangan (qayishoqligi yuqori) tarkibiy ip har xil kirishimli kimyoviy tolalardan karda yoki tarokli (qayta tarash) tizimda yigirib olinadi. Melanj (olachipor) ip har xil rangga bo’yalgan tolalar aralashmasidan yigirib olinadi. Pishitilgan kalava ip Yigirish-pishitish mashinalarida yoki pishitish mashinalarida tayyorlanadi. Yigirishning yukrrida aytib o’tilgan barcha usullari hozir qam (joyiga qarab) qo’llanadi. Ad.: Marasulov Sh. R., Budpikov V. I., Tolali materiallarning mexanik texnologiyasi, T., 1971; Bukaev M. T., Ipgazlama ishlab chiqarishning umumiy texnologiyasi, T., 1984.