Ballada nima?
Ballada — bu, xalq qo’shiqlarining qandaydir voqea-tarixni hikoya qilib beruvchi shakli. U o’rta asrlarda Yevropada vujudga kelgan. Ballada nima haqdadir sodda va to’g’ridan-to’g’ri, ba’zida dialog shaklida hikoya qiladi. Ba’zi balladalar ostida raqsga tushsa ham bo’ladi va balladalar musiqa jo’rligiga ega bo’lishi (yoxud umuman ega bo’lmasligi) mumkin. Ular har doim kuyga nisbatan so’zlarga ko’proq e’tibor qaratiladigan bir tarzda ijro etiladi. Balladalar hamishagidek voqealarga katta ahamiyat bergan paytlarda ularda qo’llanadigan ohanglar judayam latif eshitiladi. Turli mamlakatlarda balladalar bir-biridan farq qiladi va bir talay turlicha jaranglovchi nomlanishga ega. Ular Fransiyada — ballada, Italiyada — ballata, Ispaniyada — romans, Rossiyada esa bilina deb ataladi. Amerikada balladalar bir qancha guruhlarga bo’linadi. Biri an’anaviy balladalardan iborat bo’lib, ular bizni britaniyaliklarning bundan olti yo yetti asr burungi tarixi sari boshlab ketadi. Bunday balladalar ko’plab avlodlar orqali og’zaki tarzda yetkazilgan va tabiiyki, ularning bir talay variatsiyalari vujudga kelgan. Balladalar boshqa bir guruhining ildizlari XVII—XVIII asrlar Angliyasiga borib taqaladi. Ba’zida ularni plakat balladalar deb atashadi. Ulardan aksariyati so’nggi yangiliklar e’lon qilingan plakatning teskari tarafiga chop etilgan va ko’chalarda bir penniga sotilgan. Britaniyaliklar o’z mustamlaka mulklariga olib kelgan balladalaridan aksariyati saqlanib qolgan. Ulardan andaza sifatida istifoda etgan amerikaliklar Jessi Jeyms va Billi Kid singari banditlar-avboshlar haqida, Jon Genri kabi bahodir kishilar to’grisida va «Yosh Sharlotta» xilidagi omadsiz va baxti kulmagan qizlar xususida balladalar yaratdilar. Bunday balladalar ko’pincha eski britan kuylariga solinardi va ahyon-ahyonda hatto aynan o’sha syujetdan amerikacha musiqa yordamida foydalanilar edi. Xalq qo’shiqlarining tag’in bir turi —xalq diniy qo’shiqlari. Bu qo’shiqlardan eng latifi — spirichuels — yuksak ma’naviyat bilan sug’orilgan. Yil fasllarini madh etuvchi xalq qo’shiqlari ham bor. Nikoh qo’shiqlari, alyorlar, harbiy qo’shiqlar, askar qo’shiqlari va talay boshqa qo’shiqlar mavjud. Xalq qo’shiqlari insonning kundalik turmushidagi mutlaqo hamma narsa haqida hikoya qiladi.