YETIMTOG’
YETIMTOG’ — Markaziy Qizilqumdagi qoldiqtog’. Ovminzatov bilan Tomditov tog’lari oralig’ida joylashgan. Eng baland joyi 622 metr. Uzunligi 18 kilometr. Janubiy-g’arbdan shimoliy-sharqqa yo’nalgan. Shimoliy-g’arbiy yon bag’ri tikroq. Yetimtog’ gersin orogenezida ko’tarilgan, devon va karbon davrlarining ohaktosh va kremniyli slaneslaridan tarkib topgan. Tog’ etaklari keng prolyuvial shleyfdan iborat. Yon bag’irlari quruq soy o’zanlari bilan parchalangan. Tub jinslar nuragan jins parchalari bilan ko’milib ketgan, faqat soylarning kuchli o’yilgan joylari va suvayirg’ich qismida usti ochilib qolgan. Iqlimi keskin kontinental, yillik o’rtacha temperatura 13°, yillik yog’in miqdori 100-150 millimetr. Etaklari bo’r va paleogenning cho’kindi jinslari bilan qoplangan. Qo’ng’ir bo’z tuproqlarda boyalich, keyreuk, shuvoq, izen, biyurg’un o’sadi. Yaylovlarda Qorako’l qo’ylari boqiladi.