YER QUTBLARINING HARAKATI

YER QUTBLARINING HARAKATI -Yer geografik qutblarining yer sathida siljishi. Geografik kengliklarni bir qancha punktlarda ko’p yillardan beri kuzatish natijasida ularning o’rtacha qiymatidan 0″, 3 gacha o’zgarishi sezilgan. Biror punktning kengligi DF ga ortsa, qarama-qarshi meridianda shuncha kamayadi. Yerga oy va Quyoshning gravitatsion ta’siri tufayli yer o’qi o’z vaziyatini o’zgartiradi, natijada yer qutblari siljiydi. O’rtacha vaziyatga nisbatan qutbning yer sathida siljishi 15 metrdan ortmaydi; u soat mili yo’nalishiga teskari yo’nalishda davriy ravishda siljiydi. Uni 12 oylik, yillik davr va 14 oylik Chandler davriga ajratish mumkin. Yillik davr yer atmosferasida havo massasining fasl sari qayta taqsimlanishiga, suv massasining qor va muz tarzida yerning bir yarim sharidan ikkinchisiga o’tishiga va boshqa sabablarga bog’liq. Chandler davri yerning tabiiy tebranishiga va ichki deformatsiyasiga bog’liq. Buni birinchi marta nazariy jihatdan 1790 yilda Eyler tushuntirib bergan. Agar Yer mutlaq qattiq jism bo’lganda edi, uning tabiiy tebranishi taxm. 10 oy bo’lardi. Ammo yer plastik bo’lib, turli deformasiyalarga moyil, shu sababli uning tabiiy tebranish davri taxminan 14 oyga teng. Yer qazish mashinalari 19-asr oxirlarida kashf qilindi. 1898 yilda yer sharining bir xil (f=+39°08) kengliklardagi olti punktida xalqaro kenglik xizmati stansiyalari tashkil etildi (uchtasi AQSh da, uchtasi Italiya, Rossiya va Yaponiyada). Xalqaro kengliklar xizmati dasturiga muvofiq ishlayotgan stansiyalar 40 ga yaqin, ular turli geografik kengliklarda joylashgan. Ulardan biri kitob shahrida 1899 yildan boshlab barcha stansiyalarning izchil kuzatishlari asosida shimoliy qutbning yer sathidagi vaziyati yilning har bo’lagi uchun aniqlanib, ilmiy matbuotda e’lon qilinadi.