G’AZALKENT GIDROUZELI

G’AZALKENT GIDROUZELI – Chirchiq daryosidagi gidrotexnika inshooti. 1940 yilda qurilgan. To’g’onning umumiy uzunligi 544 metr. To’g’on ostonasi Daryo o’zanidan 1,5 metr yuqorida qurilgan. To’g’on 115° burchak ostida qurilgan to’siqli va tuproqli qismlan iborat. To’siqli qismining uzunligi 94 metr; har qaysisining eni 14 metrdan bo’lgan 5 darvozadan iborat. To’g’on darvozalari to’liq ochilganda sekundiga 2300 m3 suv o’tadi. Uning o’ng qismida Tovoqsoy GES kanaliga suv chiqargich — rostlagich qurilgan. Rostlagichning maksimal suv sarfi 260 metr/sekund. Kanalga ketadigan suvdagi oqiziqlarni ushlab qolish uchun uning bosh qismiga 125,8×130 metr o’lchamli 6 kamerali tindirgich qurilgan. To’g’on ostonasi 2 pog’onali bo’lib, yuqorigi pog’ona ochilsa, tindirgichga quyiladi, pastki pog’ona ochilsa, tindirgichga yig’ilib qolgan oqiziq cho’kindilar o’lchami 1,7×3,5 metrli 6 ta maxsus tuynuk orqali uzunligi 300 metr, eni 10 metr, qiyaligi 0,005 bo’lgan kanalga chiqarib tashlanadi. Suvning tezligi 7— 9 metr/sekund bo’lganda tuynuklar sekundiga 280 m3 suv o’tkazadi. To’g’onda daryoda suzib keladigan muz parchalarini o’tkazib yuborish uchun balandligi 7 metrli darvoza bor. Tuproqli to’g’on to’siqli to’g’onning davomi bo’lib, uzunligi 450 metr. To’g’onning chap qismida yangi kanalga suv chiqaruvchi rostlagich qurilgan. Rostlagichning maksimal suv sarfi sekundiga 2,5 m3. Daryoning chap qirg’og’iga damba va to’siqlar qurilgan.