G’AZALKENT VINO KOMBINATI

G’AZALKENT VINO KOMBINATI — vino sanoatining yirik korxonasi. Uzum vinosi, araq, likyoraraq mahsulotlari ishlab chiqaradi. «O’zmevasabzavotuzumsanoatxolding» kompaniyasi tarkibida. 1953 yil «Yangi yo’l» arteli (1930) qoshida vino zavodi sifatida tashkil qilingan. 1981 yildan mustaqil vino zavodi. (1956-81 yillarda «Toshkentvino» kombinati filiali). 1986 yilda zavod G’azalkent ijara-tajriba oziq-ovqat kombinatiga aylantirildi. 1997 yilda kombinat negizida «Konvin» O’zbekiston—Amerika qo’shma korxonasi tashkil topdi. Ishlab chiqarish jarayonida markali oq va qizil vinolar tayyorlashda yangi ikki bosqichli bijg’itish texnologiyasidan foydalaniladi. Korxonada «Oqtosh», «Sijjak», «O’zbekiston portveyni», «Navro’z», «Xumson», «Kagor», «Aleatiko» vinolari, «Chatqol», «Chimyon», «Prins», «Slavnaya», «Istoki Chatkala», «Gold Star» araqlari va «O’zbekiston», «Xumor», «Arsenal», «Gornyak», «Konvin», «Elegiya» likyor-araq mahsulotlari tayyorlanadi. 2004 yilda 1,3 ming dal vino va 179,7 ming dal araqlikyor mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mahsulotlari chet ellarga (Yaponiya, AQSh, Frantsiya) eksport qilinadi.