G’ILAYLIK
G’ILAYLIK — ko’zning noraso holati, bunda bir ko’z qorachig’i ko’rilayotgan buyumga to’g’ri qaragan, ikkinchisi esa burun tomonga (yaqinlashuvchi G’ilaylik) yoki chekkaga (uzoqlashuvchi G’ilaylik) og’gan bo’ladi. Funktsional G’ilaylik va falajlanish g’ilayligi farq qilinadi. Funktsional G’ilaylikda ko’z tashqi muskullari, ularning optik apparati yoki ko’z to’r pardasining funktsiyalari buziladi. Ko’pincha yosh bolalarda uchraydi. Bolalarda ikki ko’zning hamkorlikda normal ishlash faoliyati 2-3 yoshidan boshlab rivojlanadi. Shu davrda bola qattiq qo’rqsa yoki qizamiq, skarlatina, difteriya, gripp kabi og’ir yuqumli kasalliklar bilan kasallansa yoki ko’z nur sindirish faoliyati normal rivojlanmasa, funktsional v paydo bo’ladi. Uni dori-darmon, uzoq davom etadigan turli ko’z mashqlari yoki operatsiya yo’li bilan davolash mumkin. Funksional G’ilaylikda sog’ko’z qo’l bilan berkitilsa, g’ilay ko’z to’g’ri tura oladi. Falajlanish g’ilayligida esa sog’ko’z qo’l bilan berkitilsa, g’ilay ko’z shundayligicha turaveradi, to’g’riga qaray olmaydi. Chunki uning tashqi muskullari shikastlangan yoki miya qobig’i pardalarining yallig’lanishi natijasida butunlay falajlangan bo’ladi. Bu G’ilaylikni operatsiya yo’li bilan davolash qiyin. G’ilay qo’z doim yaxshi ko’rmaydi, chunki nur uning ko’z ichi sariq dog’ida emas, balki o’sha qiyshiq ko’z qorachig’i ro’parasidagi boshqa nuqtaga tushadi. Shuning uchun G’ilaylikni qancha tez davolansa, shuncha yaxshi. Birinchi navbatda, bola ko’zini tekshirtirib, ko’zoynak taqdirish kerak. So’ngra uning ko’rish qobiliyatini o’stirish uchun sog’ko’z berkitib qo’yib, g’ilay ko’zga turli mashqlar buyuriladi. Bular foyda bermasa, operatsiya qilinadi. Hozirgi mikroxirurgik yo’l bilan 2-3 yashar bolalardagi G’ilaylik tuzatilmoqda.