G’OZONXON

G’OZONXON (1271-1304) — Hulokuiylar sulolasidan bo’lgan Eron hukmdori (elxoni) (1295-1304). O’smirlik chog’idayoq Xuroson noibligiga tayinlangan; 1295 yil Elxon Bayduga qarshi isyon ko’tarib taxtni egallagan. Buddaviylik ta’limini olgan, lekin Eron zodagonlari va ruhoniylari, ko’chmanchi mo’g’ul zodagonlarining ko’magiga ehtiyoj sezgan G’ozonxon Islomni qabul qilgan va uni qaytadan davlat diniga aylantirgan. 1299-1303 yillarda G’ozonxon Suriyaga 3 marta harbiy yurish qilgan. Mo’g’ullar istilosi va dastlabki elxonlar siyosati natijasida vayron bo’lgan mamlakat iqtisodini qayta tiklash maqsadida G’ozonxon vaziri Rashiduddin yordamida bir qator islohotlar o’tkazgan (soliq islohoti — soliqlar miqdorini kamaytirish, soliq undirilishi ustidan nazorat o’rnatish; yagona o’lchov birliklarining joriy qilinishi, sud islohoti; tashlandiq yerlarni obod qilish uchun imtiyozli shartlar bilan mulkdorlarga berish). G’ozonxon harbiy xizmatga jalb etilgan barcha mo’g’ullarga iqto ajratish haqida farmon chiqargan (1303 yil yorlig’i); dehqonlarni yerga biriktirilishi va boshqa yerga o’tishini man etuvchi mo’gul xonlari tomonidan joriy etilgan farmonni tasdiqlagan. G’ozonxon davrida kanallar qazilgan, Tabriz yaqinida rasadxona va kasalxona qurilgan. G’ozonxon olimlarga homiylik qilgan.