Balet qachon paydo bo’lgan?
Balet Italiyada bundan qariyb 500 yil oldin paydo bo’lgandi. Balet nima o’zi? Bu, teatr tomoshasining o’zida bir qancha narsalar: raqslar, dekoratsiyalar va musiqani birlashtirgan turi. Ba’zi bir baletlar syujetga ega, boshqalari shunchaki g’oya yoki kayfiyatni aks ettiradi. Balet tomosha qilayotgan paytingizda siz odamzot jismi — tanasi qanday qilib eng go’zal va uyg’un holatlarga kira olishini ko’rasiz. Bularning barchasi tomosha paytida tabiiy va chiroyli ko’rinishi uchun raqqosalar va raqqoslarning uzoq shiddatli mehnati talab etiladi. Boya aytganimizdek, balet qariyb 500 yoshda. U Kolumb Amerikani ochgan pallalarda Italiyada vujudga keladi. Biroq, u bugungi baletdan mutlaqo farq qilardi. O’sha kezlarda balet saroy ko’ngilxushlarining bir shakli edi. Italyan akobirlari o’zlarini va o’z mehmonlarining ko’nglini o’zida raqs, musiqa, pantomima, she’riyat va dramani birlashtirgan tomoshalar bilan xushnud etishardi. Shunday qilib, qirollar va mansabdor aslzodalar balet raqqoslari edilar, professional raqqoslar esa bo’lmagan. Raqs harakatlari o’sha davrning nafis, lekin ancha oddiy saroy raqslaridan olingan va raqqoslar raqs tuflilarini kiyishmas edi. Biroq bunday raqslarni Fransiyada Genrix III hukmronligi boshlangunga qadar balet deb atashmagan. 1581 yilda qirolicha Yekaterina Medichi qirolning to’yi sharafiga dabdabali shodiyona uyushtirishni amr qiladi. Yuzlab raqqoslar, qo’shiqchilar va aktyorlar ishtirok etgan ajib balet tashkillashtirilgandi. Uni italyan mug’anniysi Bojuol sahnalashtirgan edi. U, ehtimol, ilk raqs xoreografi yoki sahnalashtiruvchisi bo’lgandir. Bojuol o’z asarini «Qirolning quvnoq baleti» deb ataydi va o’shandan beri shu taxlitdagi tomoshalar balet deb yuritiladi. Balet guruhidagi yetakchi raqqosa prima-balerina deb ataladi. 1681 yilda raqs tushgan Lafonten ilk prima-balerina bo’lgan. Keyinchalik turli-tuman odamlar baletga o’zgartirishlar va takomillashtirishlar kiritishgan.