TSISTIT
TSISTIT (Yunoncha — qovuq) — qovuqning yallig’lanishi. Qovuqqa turli infektsiyalar tushishi oqibatida ro’y beradi. Paydo bo’lishiga ko’ra, birlamchi va ikkilamchi, kelib chiqishi bo’yicha spesifik (so’zak, sil tsistiti) va nospesifik Tsistit farqlanadi. Kasallik o’tkir va surunkali kechadi. Birlamchi Tsistit boshqa a’zolardagi infektsiya yuqori siydik yo’llari yoki uretradan qon va limfa yo’llari orqali qovuqqa o’tishi natijasida paydo bo’ladi. Bunga, shuningdek, sovuq qotish, spirtli ichimlik ichish, qabziyat, nerv-psixikaning buzilishi ham sabab bo’ladi. Ayollarda Tsistit aksari homiladorlik yoki tug’ruqdan keyingi davrda kuzatiladi. Ikkilamchi Tsistit (ko’pincha surunkali kechadi) qovuqda tosh, yot jismlar, o’sma bo’lganda, qovuq sili, prostata bezining o’smasi oqibatida yuzaga keladi. Shuningdek, ba’zi dorilar, zaharli moddalar ichilganda ham Tsistit kuzatilishi mumkin. Tsistitda bemor tez-tez (har 10-15 minutda) siyadi, siyganda og’riq sezadi, og’riq ayniqsa, siygisi qistaganda va siygandan keyin zo’rayadi, lovullash, achishish, ba’zan siydikda qon va yiring paydo bo’ladi. Yallig’lanish qo’shni a’zolarga utganda (pielonefrit, uretrit va boshqalar) gavda temperaturasi ko’tariladi. O’tkir Tsistitning oldi olinmasa surunkali tus oladi. Kasallikni aniqlashda siydik tahlili, tsistoskopiya, tsistografiya, ultratovush tekshiruvlari o’tkaziladi. Davosi: bemorning umumiy ahvoli va kasallik belgilariga qarab olib boriladi (og’riq qoldiruvchi dorilar, antibiotiklar, ko’p suyuqlik ichish, vanna, fiziomuolajalar buyuriladi).