FLYUORIT

FLYUORIT (lotincha fluor — oqim), plavik shpati — ftoridlar sinfiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi Sag’2; , ba’zan sa, oz miqdorda Y ( i t troflyuorit), noyob er elementlari (TR), Sr, Mn, Na, U bilan almashadi. Flyuorit kub singoniyada kristallanib, Flyuoritli struktura hosil qiladi. Kristallari kub va oktaedr shaklida, agregatlari yaxlit, yirik kristalli, donador, tuproqsimon (ratovkit). Rangsiz, pushti, yashil, sariq, havo rang, gunafsha rang xillari bor. Flyuorit qizdirilganda rangi yo’qoladi va rentgen nurlari ta’sirida yana bo’yalib qoladi. Shishadek yaltiraydi, mo’rt. Qattiqligi 4; zichligi 3,1 — 3,2 g/sm3, ittiroflyuoritniki 3,3 gramm/santimetr kubgacha; erish temperaturasi 1360°. Flyuorit har xil sharoitda keng tarqalgan magmatik aktsessor mineral bo’lib, pegmatit, greyzen, skarn, ikkilamchi kvarsitlar va cho’kindi jinslarda hosil bo’ladi. Uning asosiy qismi gidrotermal jarayonda bo’shliklar va tomirlarni to’ldirgan holda metall rudasi hisoblangan minerallarga yo’ldosh sifatida uchraydi. Genetik mineralogiyaning muhim tipomorf minerali. Flyuorit metallurgiyada flyus sifatida ishlatiladi; kimyo sanoatida undan plavik kislota, kriolit olinadi; keramikada emal, glazur (sir) tayyorlanadi. Flyuorit sintetik kristallarni o’stirish uchun xom ashyo hisoblanadi. Tiniq, shaffof, rangsiz yoki nim rang kristallaridan linza, ob’yektiv, teleskoplar, vakuum va roentgen spektrograflari uchun prizmalar tayyorlanadi. TR va U bilan faollashtirilgan Flyuorit lazer materialidir. Konlari Rossiya Federatsiyasi (Primore o’lkasi, Baykalorti), Qozog’iston, AQSh, Meksika, Frantsiyada mavjud. Flyuorit konlari O’zbekistonda Chatqol Qurama regionida joylashgan: AgataChibargata, Navgiskon, Obirahmat, Kengutan, Qizilbaur va Navgarzonda qazib olingan; Suppatosh va Shabrez o’zlashtirishga tayyorlangan.