IBN HANBAL AHMAD ABU ABDULLOH
IBN HANBAL AHMAD ABU ABDULLOH (780—Bag’dod— 855) — ilohiyotchi olim, sunniylikdagi hanbaliylik mazhabining asoschisi va imomi. Otasi hurosonlik bo’lib, Ibn Hanbal tugilishidan bir oz avval oilasi bilan Bag’dodga ko’chib o’tgan. Ibn Hanbal o’smirligidanoq hadis va fiqhni o’rgana boshladi, zamonasining yirik ulamolari, jumladan Abu Yusuf va ash-shofi’iylar bilan muloqotda bo’ldi. 816-833 yillarda Bag’dodda mudarrislik qilib, fiqh ilmi bilan ham shug’ullandi. Ibn Hanbal an’anaviy sunniylikni himoya qilgan, mu’taziliylarga qarshi kurashgan. Abbosiy xalifalar: Ma’mun (813 — 833), Mu’tasim (833-842) va Vosiq (842-847) lar davrida mu’taziliylar oqimi ta’limoti rasmiy e’tiqod sifatida e’tirof etilgach, Ibn Hanbal mansub bo’lgan an’anaviy Islom tarafdorlari ta’qib ostiga olingan edi. Aslida an’anaviy Islom ulamolari va mu’taziliylar o’rtasidagi bahs bir asrdan (xalifa Hishom (724-743) davridan) beri davom etib kelar, ular Islom ummasining parchalanishida bir-birini ayblardi. Ma’mun ana shu bahsga barham berish, mu’taziliylarning bir necha aqidalari va, ayniqsa, Qur’onning yaratilganligi (ya’ni Alloh tomonidan yaratilgani, bunga Muhammad ham daxldorligi) haqidagi fikrni qaror toptirish maqsadida 833 yil maxsus xay’at tuzdi va barcha ulamolarni imtihon (mehna) qildirdi. Bu aqidalarni qabul qilmagan din arbobi Qur’onni Alloh bilan bir darajaga qo’yuvchi mushrik, ya’ni ko’pxudolik tarafdori deb e’lon qilinar va shunga yarasha jazoga tortilardi. O’z fikrlaridan qaytmagan bir necha ulamo qatori Ibn Hanbal 2 yil zindonda yotdi. Ozodlikka chiqqach, umrining oxirigacha diniy-siyosiy faoliyatini davom ettirdi. Pirovardida mehna kutilgan natija bermadi va an’anaviy Islom tarafiga o’tgan xalifa Mutavakkil (847-861) 848 yil mehnani bekor qildi. Keksayib qolgan Ibn Hanbal Bag’dodda endi o’zining nomi bilan atala boshlagan diniy-siyosiy harakatning g’oyaviy rahnamosiga aylandi. Bag’dod va Basradagi faol mu’taziliylarning ro’yxati tuzilib, ular qirg’in qilindilar. 9 — asrning 20-40-yillari musulmon Ummasida yuz bergan parokandalik holatini tahlil qilib, Ibn Hanbal Islomning «oltin davri» — Muhammad (sav) va ilk xalifalar davriga qaytish kerak degan xulosaga keldi. Ayniqsa, «bid’at» masalasida u keskin mavqeda bo’ldi. Uning fikricha, Qur’onga, qadisga va musulmon ulamolarining ilk uch avlodi fikri (ijmo) ga asoslanmagan din va hayotga oid har qanday «yangilik» qoralanmog’i darkor. Siyosat sohasida Ibn Hanbal diniy-siyosiy kurash, fitna-isyonlar uyushtirish joiz deb hisobladi. Shuningdek, u diniy arboblar hokimga ta’sir o’tkazishlari lozim, deb uqtirdi. Ibn Hanbal ta’limotini uning shogirdi albarbahariy (847— 941) o’z asarlarida davom ettirdi. Hanbaliylik mazhabi nazariyasi Ibn al-Javziy (1116- 1200) va Ibn Taymiya asarlarida o’z ifodasini topdi. Ibn Hanbal ta’limoti 18 — asr oxirlarida vahhobiylikning shakllanishiga asos bo’ldi. Ibn Hanbalning «6 aqida» (Islom dini ahkomlarining qisqacha bayoni), hadislar to’plamlari, shu jumladan 30 ming qadisni o’z ichiga olgan «musnad» (suyanchiq yoki «isnodli hadislar to’plami») va imon-e’tiqod, fiqh va ibodat masalalari bo’yicha risolalari hozirgacha saqlanib qolgan. Ahadjon Hasanov.