IGNABARGLI O’SIMLIKLAR
IGNABARGLI O’SIMLIKLAR qarag’aytoifa (ochiq urug’li) o’simliklar bo’limiga mansub, asosan, monopodial, ba’zan simpodial shoxlanuvchi daraxt yoki butalar. Poyasida o’tkazuvchi naylar o’rnida serkovak hoshiyali traxeidlar bo’ladi. Poyasi ikkilamchi yo’g’onlashish xususiyatiga ega. Barglari tangacha yoki ignasimon (nomi shundan olingan), poyasida bir necha yil turadi. Ignabargli o’simliklar shamol yordamida changlanadi. Ularning aksariyat qismini doim yashil o’simlik turlari tashkil etadi. Yer yuzida Ignabargli o’simliklarning 400 ga yaqin turi bor. Asosan, Shimoliy yarim sharda tarqalgan. Karag’ay, archa, qora qarag’ay, tiss, sarv turkumlari ko’proq uchraydi. O’zbekistonda archa turkumiga mansub turlar o’sadi.