Jodugar kampir nimalarga minib sayohat qiladi?
Xalq fantaziyasi o’zi yaratgan personajlarni har doim bag’oyat g’aroyib qobiliyatlar bilan quvvatlantiradi. Havoda parvoz qilish oddiy odam uchun hamisha eng g’aroyib ish bo’lganligi tufayli deyarli barcha mamlakatlarning ins-jins haqida naqllar uchraydigan folklorida ular ucha olish qobiliyati bilan quvvatlantirilgan. Siz, muqarrarki, ertaklar o’qigansiz va jodugar kampir qay tariqa parvoz qilganini bilasiz. U «o’g’irchaga o’ltirib, o’g’ir dastasiga suyandi-da, kul supurgida izini o’chirdi». Yevropaning jodugar kampiri biroz boshqacha — kul supurgida parvoz qiladi. Buning uchun u tegishli afsunni aytishi yoki kul supurgiga sehrli malham surgashi kerak. Yevropa bir talay xalqlarining ertaklari va cho’pchaklarida supurgida osmonda uchib yuradigan jodugar kampirlar to’dasi — jinlar bazmining tasvirlanishi uchraydi. Biroq, savol tug’iladi — turli mamlakatlarning folklorida bunchalik o’xshash tasvir qayerdan paydo bo’lgan? Asosiy sabablardan biri — Injildan olingan hikoyatlardan istifoda etish. Bu kitobda Shaytonning Masihni baland toqqa ko’tarib ketishi haqida nahl qilinadi. Albatga, bu lavha — keng tarqalgan folklor syujetining bilinar-bilinmas qayta ishlangan variantidan boshqa narsa emas. Bu narsa mo’jizali bir tarzda joy o’zgartirishlar haqidagi afsonalarning kelib chiqishi nechog’li qadimiy ekanligini isbotlaydi. Perseyning iloh Germesdan olgan shippak yordamida parvoz qilishi haqidagi antik asotir ham, xuddi shuningdek sohirona kuchga ega bo’lgan yog’ni badaniga surkaganidan keyin Psixeyaning parvoz qilishi to’grisidagi naql ham ularning qadimiy ekanligidan guvohlik beradi. Shuning uchun ham havoda uchib yurish nasroniy aziz-avliyolar haqidagi ko’pdan-ko’p hikoyalarga kiritilgani tasodifiy emas. Masalan, Jozef de Kupertino (1603 1663) degan bir kimsa go’yo havoda ucha olgan ekan. Naql qilishlaricha, chormixga tortilgan Iso Masih suvrati solingan butga tomon sakkiz yard tepaga ko’tarilgan va hatto bu mo’jiza Ispaniya elchisi huzurida namoyish etilgan. Genri Mor 1653 yilda o’zining taqvodorligi bilan dong taratgan qurdobalik (Ispaniya) abbatisa Magdalina Krusin «yerdan uch yoki to’rt qatlov bo’yi ko’tarila olgan»ligini xabar qilgan edi. Qizig’i shundaki, xalq fantaziyasi uchish qobiliyatini aziz-avliyolarga ham, jodugarlarga ham birdek ravo ko’ravergan. Albatta, harakatlanish vositalari ham batafsil tasvirlangan. Avvalboshda ular oddiy jonzotlar edi: qora qo’chqor, to’ng’iz, echki, ho’kiz va kuchuk. 1489 yilda bo’riga minib parvoz hilgan jodugar kampir haqida hikoya yozib olingan. Kul supurgidan xuddi boshqa moslamalar singari, masalan, yoriq xoda, charx, sochiq, tarasha yoki shunchaki yog’och to’ngak ancha keyinroq foydalanila boshlandi. Rivoyatlarga qaraganda, jodugar kampir sayohat oldidan o’ziga va o’zining xodasiga maxsus parvoz malham surgab olar ekan. Biroq, eng maroqlisi shundaki, jodugar kampirlar hech qachon hech qayerga borib qo’nishmagan. Ular o’zlarining butun sayohatini xayolotiy sharpalar — gallyutsinasiyalarni vujudga keltiruvchi narkotik vositalar ta’siri ostida kulbalari chegarasida amalga oshirishgan. M. Bulgakovning «Usta va Margarita» romanida jodugarning parvozi qiziq tasvirlangan. Jinlar bazmiga jo’nayturib Margarita cho’tkaga, uning oqsochi Natasha esa sobiq qo’shnilari aylanib qolgan dudburon karnayiga mingashib oladilar. Margarita sayohatining yakunlovchi qismini zamonaviy harakatlanish vositasida — mashinada bosib o’tadi. To’g’ri, shofyor ham albatta fantastik mavjudod — rulni go’ngqarg’a boshqaradi. Shu yo’sin qadimiy xalq xurofotlari zamonaviy adabiyotga ham singisha olar ekan.