YANGI GVINEYA
YANGI GVINEYA (indonez tilida Irian) — tinch okeanning g’arbiy qismidagi Orol. Kattaligi bo’yicha dunyoda 2-o’rinda (Grenlandiyadan keyin). Maydoni 829 ming kilometr kvadrat (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra 771,9 ming kilometr kvadrat). Uzunligi 2000 kilometrdan ziyod, eni 700 kilometrgacha. G’arbiy qismi Indoneshya, sharqi PapuaYangi Gvineya davlatlari hududi. Orolning qirg’oqlari egribugri, quruqlik ichkarisiga ancha o’yib kirgan qo’ltiqlar bor. Janubiy sohili yassi, qumli, shimoli baland. Yangi Gvineyaning Markaziy qismidan g’arbdan sharqqa cho’zilgan tog’ tizmalari kesib o’tadi. Eng baland joyi 5029 metr (Jaya cho’qqisi). Harakatdagi vulkanlar bor. Janubiy qismi keng pasttekislik. Yangi Gvineyaning burmali zamini Proterozoy va yuqori paleozoy jinslaridan tuzilgan, usti dengiz cho’kindilari bilan qoplangan. Iqlimi shimolda ekvatoral, Janubda subekvatorial, tog’ tepalarida nival iqlim. Tekisliklarda o’rtacha oylik temperatura 25-28°. Yillik o’rtacha yog’in tekisliklarda 1000 millimetrdan, tog’larda 4000 millimetrdan ziyod. Tez-tez dovul bo’lib turadi. Daryolari sersuv, quyi qismida kema qatnaydi. Sernam tropik o’rmonlar flora va fauna turlariga boy. Janubiy da savannalar uchraydi. Milliy bog’lar tashkil etilgan. Makkajo’xori, yams, batat ekiladi. Kofe, kakao, kokos palmasi, kauchuk daraxtlari plantasiyalari bor. Baliq ovlanadi. Yirik shaharlari: PortMorsbi, Madang, Sorong, Jayapura. Orolga yevropaliklardan dastlab 16-asrning 1-yarmida portugal dengizchilari borgan.