ISH KUNI

ISH KUNI — sutkaning ma’lum qismida ishchi, xizmatchining korxonada mehnat qiladigan, ishlab chiqarish faoliyatida band bo’ladigan vaqti. 18-asr oxirida ko’p mamlakatlarda Ish kuni 16-17, 1-jahon urushi arafasida 10-12 soatni tashkil etgan. 1919 yil xalqaro miqyosda 8 soatlik Ish kuni joriy etish haqida Vashingtonda rasmiy ravishda kelishib olindi. O’zbekistonda hamma ishchi va xizmatchilar uchun 6 kunlik ish haftasida 7 soat, 5 kunlik ish haftasida 8 soat Ish kuni, kon sanoatida va yer osti ishlarida yetakchi kasbdagi ishchilar va boshqalar uchun 6 soatlik Ish kuni. joriy etilgan. O’smirlar uchun (15 yoshdan 16 yoshgacha) 4 soatlik Ish kuni, voyaga yetmaganlar (16 yoshdan 18 yoshgacha) uchun 6 soatlik Ish kuni belgilangan. Hozir sanoatda ish haftasi 40 soat. Ish kunining asta-sekin qisqarishi va bo’sh vaqtning ko’paya borishi hozirgi taraqqiyotning muhim qonuniyatlaridan biridir.