XALTALI BO’RI
XALTALI BO’RI, Tasmaniya bo’risi (Thylacinus cynocephalus) — yirtqich xaltalilarga mansub sut emizuvchi hayvon. Gavdasining uzunligi 100-130 santimetr, dumi 50-65 santimetr. Tanasi cho’ziq, oyoqlari uzun, orqa oyoqlarida 1 barmog’i yo’q. Xaltasi tanasining keyingi qismida ochiladi, sut so’rg’ichlari 4 ta. Qoziq va oziq tishlari kuchli rivojlangan. Dingo (yovvoyi it) tarqalmasidan oldin Avstraliyaning barcha hududlarida yashagan. Yevropaliklar Avstraliyani kashf etganida faqat Tasmaniya orolida daraxtzorlarda qolganligi aniklangan (2 nomi shundan). 2-4 ta dan bolalagan. Xaltali bo’ri so’nggi marta 20 asrning 40-yillarida uchratilgan. Hozir qirilib ketgan bo’lishi mumkin. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi Qizil kitobiga kiritilgan.